Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi jamoatchilikka hisobot bermoqda.

Joriy yilning o‘tgan davri mamlakat oliy qonun chiqaruvchi organi uchun ancha samarali bo‘ldi. Xususan, qonunchilik faoliyati doirasida Senat tomonidan o‘tgan yilga nisbatan 1,5 baravar ko‘p masala ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, faoliyatning ustuvor yo‘nalishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida belgilangan eng muhim vazifalarni amalga oshirishdan iborat bo‘ldi. Shu maqsadda Senatning Harakatlar dasturi va joriy yil uchun ish rejasida belgilangan tadbirlarni bajarishga alohida e’tibor qaratildi. Senatning mutlaq vakolatlarini amalga oshirish, nazorat-tahlil ishlari, parlament quyi palatasi bilan hamkorlik qilishdan tortib, jamoatchilik faoliyatigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlar alohida e’tiborda bo‘ldi.

Xususan, parlament yuqori palatasi qo‘mitalari ushbu yo‘nalishlarda alohida faollik ko‘rsatdi. Jumladan, Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi joriy yilning o‘tgan davrida o‘z faoliyatining asosiy ixtisoslashgan yo‘nalishlari bo‘yicha ishlarni kuchaytirdi. Uning birinchi yarim yillikdagi faoliyati va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, hisobot davrida 5 ta majlis o‘tkazilib, ularda Qo‘mita vakolatiga kiruvchi 18 ta masala ko‘rib chiqildi. Ular orasida budjet, moliya sohasi va iqtisodiy islohotlarga oid uchta qonun ham bor. Jumladan, Qo‘mita majlislarida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida”gi (yangi tahrirda) va boshqa qonunlar ko‘rib chiqildi.

Qo‘mitaning nazorat-tahlil faoliyati qonunlar, davlat dasturlari va boshqa qonunchilik hujjatlarining mamlakat miqyosida hamda hududlar kesimida ijro etilishini o‘rganishga qaratildi. Bir qator nazorat tadbirlari, seminarlar, davra suhbatlari va konferensiyalar o‘tkazildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, Senatning mutlaq vakolatlarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2017-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti hamda Hisob palatasining o‘tgan yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda fond birjasini rivojlantirish bilan bog‘liq dasturlar ijrosi holati haqidagi hisoboti va boshqa masalalar ham eshitildi.

Hisobot davrida Qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan konferensiya va seminarlarda valyuta siyosatini liberallashtirish, soliq siyosatining zamonaviy yo‘nalishlari, qimmatli qog‘ozlar bozorini rivojlantirish istiqbollari, raqamli iqtisodiyot sharoitida korporativ boshqaruvni rivojlantirishning asosiy tendensiyalari, bank-moliya sektorining innovatsion rivojlanishining turli jihatlari muhokama qilindi. Shuningdek, qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati keng tushuntirildi.

Qo‘mita a’zolari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning 8 725 ta murojaati ko‘rib chiqildi. Ularda ko‘tarilgan masalalarni hal etish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga senatorlarning 40 ta murojaati yuborildi. Buning natijasida fuqarolarni yillar davomida qiynab kelgan ko‘plab muammolar hal etildi.

Jumladan, Qo‘mitaga Jizzax viloyati Baxmal tumani “Tongotar” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi Qo‘shtepa va O‘ray qishloqlari aholisi nomidan mahalliy aholining, jami qariyb 3,5 ming kishining ichimlik suvi bilan yetarli darajada ta’minlanmagani haqida murojaat kelib tushdi. Mazkur murojaat yuzasidan Senat a’zosining O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A. Ramatovga so‘rovi yuborildi. Senator so‘roviga berilgan javobda aholini suv bilan ta’minlashni yaxshilash masalasi joriy yil uchun hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning manzilli dasturiga kiritilgani qayd etildi. Shu tariqa, Qo‘mita tomonidan ko‘tarilgan masala O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-maydagi “Jizzax viloyati aholisini sifatli ichimlik suvi bilan ta’minlashni yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida o‘z yechimini topdi.

Shu bilan birga, Qo‘mita a’zolari davlat rahbari tomonidan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, moliya-bank tizimi barqarorligini ta’minlash, tadbirkorlik va xususiy biznesni rivojlantirish sohalarida belgilangan vazifalar ijrosi ustidan deputatlik va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Umuman olganda, Senatda va joylarda 3 500 nafar fuqaro qabul qilindi. Shundan Qo‘mitada doimiy asosda faoliyat yurituvchi senatorlar tomonidan 79 nafar fuqaro qabul qilindi.

Matbuot anjumani davomida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a’zolari jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob berdilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati

| 6 02.08.2018



×
Portal xaritasi