Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-iyul kuni yashirin iqtisodiyotni qisqartirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi

Mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot darajasi yuqori. Shu bois so‘nggi yillarda biznes yuritishni yengillashtirish orqali yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, valyuta bozori liberallashtirildi, yangi soliq tizimi joriy etildi, 100 ga yaqin ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillari qisqartirildi. Natijada so‘nggi 5 yil ichida sanoatda norasmiy sektor ulushi 20 foizdan 6 foizga kamaydi.

Yig‘ilishda ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilinib, kelgusidagi vazifalar belgilandi. Xalqaro tashkilotlar ekspertlarini jalb qilgan holda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish strategiyasini ishlab chiqish topshirildi.

Davlatimiz rahbari yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda iqtisodiy faollikka zarar yetkazmaslik uchun ehtiyotkorlik bilan ish tutish, bu yo‘nalishda biznes va jamoatchilik bilan hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladi.

Soliq islohotlarini izchil davom ettirish va yashirin faoliyatga yo‘l qo‘ymaydigan tizimni joriy etish vazifasi qo‘yildi.

«Halol soliq to‘lovchi» tizimini ishlab chiqish va uni yil oxirigacha Toshkent shahrida to‘liq sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Davlat xaridlari va investitsiya loyihalari sohalarini korrupsiyadan xoli etishga alohida e’tibor qaratildi. Ushbu sohalarda shaffoflikni ta’minlash, jamoatchilik nazorati va raqobatni kuchaytirish maqsadida Moliya vazirligiga Davlat xaridlari axborot portalini ishga tushirish topshirildi.

Endilikda har bir loyiha korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilishi belgilandi. 2021-yildan boshlab ushbu tartibni markazlashtirilgan mablag‘lar hisobidan amalga oshiriladigan barcha loyihalarga nisbatan qo‘llash vazifasi qo‘yildi.

Davlat organlarida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi komplayens-nazorat tizimi ham joriy etilmoqda. Bu ishlar, xususan, Qurilish, Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarida, «O‘zbekneftgaz» va «O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatlarida boshlangan. Yil oxirigacha ushbu tizimni davlat ulushi mavjud yana 14 ta tashkilot va 10 ta bankda joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha soha va yo‘nalishlar kesimida «yo‘l xaritalari»ni ishlab chiqish, davlat xaridlari va investitsiya loyihalarida korrupsiyaning oldini olish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Davlat organlari, korxonalar va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingini hisoblash metodikasini ishlab chiqish topshirildi. 2021-yildan boshlab ushbu reyting natijalarini barcha rahbarlarning shaxsiy mas’uliyatini baholagan holda e’lon qilib borish yo‘lga qo‘yiladi.

Bojxona va soliq tizimiga oid masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Bojxona tizimida inson omilini istisno etish, kontrabanda holatlari va tovarlarning bojxona qiymatini sun’iy ravishda pasaytirishga qarshi bojxona nazoratini kuchaytirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat bojxona qo‘mitasi va Davlat soliq qo‘mitasiga import tovarlarini olib kirish, bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish va sotish bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini yaratish topshirildi. 2021-yil 1-yanvardan «Bojxona auditi» axborot tizimini joriy etish vazifasi qo‘yildi.

Prezident yashirin iqtisodiyotni qisqartirish uchun odamlarga qonuniy ishlashga yordam berish va ularni bunga manfaatdor qilish zarurligini ta’kidladi.

Masalan, o‘zini o‘zi band qilish tizimining soddalashtirilishi natijasida birgina iyul oyining o‘zida 184 ming nafar fuqaro rasmiy sektorda mehnat faoliyatini boshladi.

Biroq qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish, transport hamda boshqa xizmat ko‘rsatish sohalarida norasmiy bandlik darajasi hamon yuqoriligicha qolmoqda. Umuman olganda, iqtisodiyotda band bo‘lgan 13,5 million kishidan atigi 4,9 million nafari daromad solig‘ini to‘laydi.

Yig‘ilishda ushbu sohalarda manzilli ish olib borish, rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni qo‘llash orqali norasmiy faoliyat yuritayotgan subyektlarni yashirin iqtisodiyotdan chiqarish zarurligi ta’kidlandi. Savdo, umumiy ovqatlanish, transport va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yurituvchi subyektlar uchun aylanmadan olinadigan soliqni hisoblashda plastik kartalar va boshqa kontaktsiz to‘lovlar orqali amalga oshirilgan to‘lovlarni soliq solinadigan bazaga kiritmaslik taklif etildi.

Davlatimiz rahbari kichik biznes subyektlari uchun soliq ma’murchiligini soddalashtirish, tadbirkorlik faoliyati uchun ruxsat berish va litsenziyalash tartib-taomillarini yanada qisqartirish zarurligini ta’kidladi.

Masalan, 100 turdagi litsenziya va 34 turdagi ruxsatnomani xabardor qilish tartibiga o‘tkazish orqali qisqartirish, bir qator tartib-taomillarni soddalashtirish, 14 turdagi hujjatni berish muddatini ikki baravar qisqartirish imkoniyati mavjud. Ushbu chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlar yiliga 125 milliard so‘m mablag‘ni tejashlari mumkin.

Bundan tashqari, 43 ta idoraning 270 ta nazorat funksiyasini tanqidiy o‘rganish hamda ularning yashirin iqtisodiyot va korrupsiya xavfini keltirib chiqaruvchi vakolatlarini qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Shu bilan birga, korrupsion va yashirin sxemalarga jalb qilingan vijdonsiz tadbirkorlarning javobgarligini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Yashirin iqtisodiyotni tarmoqlar va sohalar kesimida tahlil qilish darajasi sust ekani qayd etildi. Shu munosabat bilan xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda har bir viloyat bo‘yicha yashirin iqtisodiyot statistikasini yuritish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Korrupsiya va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishda asosiy kuch — biznes va jamoatchilikdir. Shu bois jamiyatda ushbu salbiy hodisalarga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, ularning oqibatlarini ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali yoritib borish muhim.

— Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish tadbirkorlarni jazolash yoki ularning faoliyatiga to‘sqinlik qilish degani emas. Bu, ayniqsa, pandemiya davrida muhim ahamiyatga ega. Maishiy korrupsiyaga qarshi ham qat’iy choralar ko‘rish, joylarda jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Har bir vazirlik va tarmoq oldiga yig‘ilishda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida yil yakuniga qadar aniq samaradorlik ko‘rsatkichlariga (KPI) erishish vazifasi qo‘yildi.

| 9 27.07.2020



×
Portal xaritasi