O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi.

19-sentabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasidagi umumiy siyosiy munozaralar boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.


O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi

19-sentabr kuni Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi doirasidagi umumiy siyosiy munozaralar boshlandi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Sessiya raisi Dennis Frensis boshchiligida o‘tkazilgan munozaralarning birinchi kunida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, a’zo davlatlar rahbarlari — Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Jozef Bayden, Braziliya Federativ Respublikasi Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Janubiy Afrika Respublikasi Prezidenti Siril Ramafosa, Qatar Davlati Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda boshqa davlatlar rahbarlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida hamjihatlik va amaliy hamkorlik ruhini saqlab qolish, umumiy manfaatlar mavjud ziddiyatlardan ustun ekanini anglagan holda mamlakatlarni birlashtirish zarurligini ta’kidladi.

— O‘tgan yili biz umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yo‘lida “Samarqand birdamlik tashabbusi”ni ilgari surdik. Asosiy maqsadimiz — mamlakatlarimiz va xalqlarimizning buguni hamda kelajagi uchun mas’uliyatni chuqur anglash, ochiq va konstruktiv hamkorlikka tayyor barcha tomonlarni global muloqotga jalb etishdan iborat, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

BMT Bosh kotibi tashabbusi bilan kelgusi yili o‘tkazilishi rejalashtirilgan Kelajak sammiti xalqaro va mintaqaviy taraqqiyotning dolzarb muammolarini hal etishga, Tashkilotning ta’siri va nufuzini yanada oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

Davlatimiz rahbari so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli va ortga qaytmas islohotlarga alohida to‘xtalib, global va mintaqaviy kun tartibidagi eng dolzarb masalalarni hal etishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surdi.

— Biz huquqiy, dunyoviy, demokratik va ijtimoiy davlat bo‘lgan Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini qat’iy davom ettiramiz. “Inson qadri va manfaatlari uchun” ezgu g‘oyasi asosida mamlakatimiz demokratiya va adolat tamoyillarini mustahkamlashga qaratilgan tub islohotlar yo‘lidan dadil bormoqda, — dedi Prezident.

Ta’kidlanganidek, O‘zbekistonda yangilangan Konstitutsiya bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq referendumi mamlakat taraqqiyotining ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi. Asosiy qonunda inson huquqlari, so‘z va vijdon erkinligi, barcha fuqarolarning millati, tili va dinidan qat’i nazar tengligi tamoyillariga sodiqlik yana bir bor tasdiqlandi. Shu huquqiy asosda qabul qilingan “O‘zbekiston — 2030” taraqqiyot strategiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohangdir.

O‘zbekiston Prezidenti global tahdidlarga qaramay, mamlakatimiz barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etayotganini ta’kidladi. So‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi bir yarim baravardan ziyod oshdi. Asosiy maqsad — 2030-yilga borib ushbu ko‘rsatkichni ikki baravar oshirish.

Iqtisodiyotni liberallashtirish yo‘lidagi yana bir ustuvor vazifa — yaqin kelajakda Jahon savdo tashkilotining to‘laqonli a’zosiga aylanishdir.

Aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat natijasida 2017-yildan buyon mamlakatda kambag‘allik darajasi ikki baravar kamaydi. 2030-yilga borib uni 7 foizgacha tushirish rejalashtirilgan.

— Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining “Ish o‘rinlari yaratish va ijtimoiy himoya bo‘yicha global tezlashtiruvchi tashabbusi”ni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu tashabbus doirasida tajriba almashish maqsadida 2024-yilda mamlakatimizda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” mavzusida Butunjahon konferensiyasini o‘tkazishni taklif qilaman, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

Yig‘ilish ishtirokchilarining e’tibori mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish, majburiy va bolalar mehnatiga to‘liq barham berish borasida erishilgan natijalarga qaratildi.

— O‘tgan asr davomida O‘zbekistonda millionlab insonlar paxta terimiga majburiy ravishda jalb etib kelindi. Har yili sentabrdan dekabrgacha aholining asosiy qismi — o‘qituvchilar va shifokorlar, tadbirkorlar, ishchilar va xizmatchilar, afsuski, maktab o‘quvchilari va talabalar ham paxta terimiga jalb etilgan. Natijada o‘zbek paxtasiga boykot e’lon qilindi, mamlakatimiz esa ko‘p yillar davomida “qora ro‘yxatlar”ga kiritildi. Qat’iy irodamiz tufayli bularning barchasi o‘tmishda qoldi. Xalqimiz paxta qulligidan butunlay ozod bo‘ldi, — dedi davlatimiz rahbari.

Prezident ta’kidlaganidek, inson kapitalini rivojlantirish va ijodkor yosh avlodni tarbiyalash O‘zbekiston oldiga qo‘ygan strategik vazifalardan biridir.

Bu borada so‘nggi yillarda katta tajriba to‘plandi — ta’lim tizimi tubdan o‘zgartirilmoqda. Oxirgi olti yilda maktabgacha ta’lim bilan qamrov 21 foizdan 70 foizga, oliy ta’lim bilan qamrov esa 9 foizdan 38 foizga oshdi. 2030-yilga borib har bir bolaning bog‘chaga borishi, maktab bitiruvchilarining har ikkinchisi esa oliy ta’lim muassasasida o‘qishi uchun imkoniyatlar yaratiladi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik, barqarorlik, hamkorlik va taraqqiyotni mustahkamlash yo‘lini bundan buyon ham qat’iy davom ettirishini bildirdi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli O‘zbekiston va barcha qo‘shni mamlakatlar davlat chegaralari, transport yo‘laklari va suvdan foydalanish bilan bog‘liq ko‘plab muammolarni hal etishga muvaffaq bo‘ldi.

Mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi ikki yarim baravar, qo‘shma korxonalar soni esa besh baravar oshdi. Mintaqa iqtisodiy taraqqiyot markaziga, Sharq va G‘arbni, Shimol va Janubni bog‘lovchi transport-kommunikatsiya ko‘prigiga aylanmoqda.

— Ishonch bilan aytish mumkinki, xalqlarimizni mintaqaviy o‘zlikni anglash tuyg‘usi birlashtirmoqda va bu tuyg‘u tobora mustahkamlanib bormoqda. Bizni nafaqat yagona o‘tmish, balki umumiy kelajak va mushtarak hayotiy manfaatlar ham birlashtiradi. Mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdan boshqa yo‘limiz yo‘q! — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xalqaro hamjamiyat ko‘magida Markaziy Osiyo birlashuv yo‘lidan borishda davom etishiga ishonch bildirildi. Uni tinchlik va farovonlik mintaqasiga aylantirish O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi bo‘lib qoladi.

Aholisining qariyb yarmi yoshlardan iborat bo‘lgan Markaziy Osiyo uchun yosh avlod masalalari va uning salohiyatini ro‘yobga chiqarish alohida ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan mintaqa davlatlari ushbu sohadagi hamkorlikni kuchaytirish maqsadida yaqinda yoshlar siyosatining umumiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi bitimni imzoladi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixtisoslashgan tuzilmalari bilan bu sohada samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun Markaziy Osiyo yoshlarini rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha Ishchi guruh tuzish va “Markaziy Osiyo yoshlari kun tartibi — 2030” dasturini ishlab chiqish taklif etildi.

Jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ayollarning faol ishtiroki ham dolzarb masalalardan biri sifatida qayd etildi.

— Milliy siyosatimiz asosida turgan ezgu maqsad — oilalar mustahkamligini, ayollarning huquqiy himoyasi va farovonligini ta’minlashdir, — dedi O‘zbekiston yetakchisi.

“BMT — Xotin-qizlar” tuzilmasi bilan hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi. Qo‘shma tashabbus sifatida kelgusi yili O‘zbekistonda ayollarning bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish va bu borada tajriba almashish masalalarini muhokama qilish uchun Osiyo xotin-qizlar forumini o‘tkazish taklif etildi.

Keskin ekologik vaziyat va iqlim o‘zgarishi, biologik xilma-xillikning yo‘qolishi hamda atrof-muhitning ifloslanishi sababli sayyoramizda uch karra inqiroz kuchayib borayotganiga e’tibor qaratgan Prezident Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishiga eng zaif mintaqalardan biriga aylanayotganini ta’kidladi.

O‘zbekiston tomonidan Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish borasida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar, mintaqamizda iqlim o‘zgarishining salbiy ta’siri va suv bilan ta’minlanganlik darajasining pasayishi tendensiyalari haqida ma’lumot berildi.

Ushbu vaziyatni inobatga olgan holda, BMT Bosh kotibining suv resurslari bo‘yicha maxsus vakili lavozimini ta’sis etish, Markaziy Osiyoda suvni tejovchi texnologiyalar platformasini yaratish hamda mintaqada qabul qilingan “yashil” rivojlanish dasturi doirasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish qo‘llab-quvvatlandi.

— Shu munosabat bilan “Markaziy Osiyo iqlim muloqoti”ni tashkil etishni maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining “Global iqlim tahdidlari qarshisida Markaziy Osiyo: umumiy farovonlik yo‘lida birdamlik” rezolyutsiyasini qabul qilish tashabbusini ilgari surmoqdamiz.

Uning asosiy qoidalarini kelgusi yili Samarqandda bo‘lib o‘tadigan xalqaro iqlim forumida muhokama qilishni taklif etamiz, — dedi O‘zbekiston Prezidenti.

O‘zbekiston iqtisodiyotining asosiy tarmoqlarini iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, uglerod neytralligiga erishish va “yashil” energetika ulushini tubdan oshirish strategik vazifa bo‘lib qolishi ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari ekstremizm tarqalishi va yoshlarning radikallashuvining oldini olish bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarni faollashtirish masalasiga ham to‘xtaldi.

Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy strategiya doirasida ilgari ekstremistik g‘oyalar ta’sirida bo‘lgan shaxslarni normal hayotga qaytarish va jamiyatga reintegratsiya qilishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi. “Mehr” nomli beshta gumanitar missiya o‘tkazilib, qurolli mojarolar hududlaridan, birinchi navbatda, ayollar va bolalardan iborat 530 nafardan ortiq fuqaro qaytarildi.

— Joriy yilning iyun oyida, aynan shu yerda — Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida xalqaro hamjamiyat mamlakatimizga qaytib, yangi hayot boshlagan ayol repatriantlarning hikoyalarini bevosita tingladi.

Bu faoliyatni davom ettirish maqsadida BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida jangovar harakatlar hududlaridan qaytgan shaxslar bilan tizimli ishlash bo‘yicha Mintaqaviy ekspertlar kengashini tashkil etish yuzasidan amaliy qadamlar qo‘ydik, — dedi Prezident.

Bundan tashqari, O‘zbekiston yetakchisi so‘nggi vaqtlarda ayrim mamlakatlarda kuzatilayotgan diniy murosasizlik va islomofobiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi.

Dunyoda dinlararo bag‘rikenglik va hamjihatlik g‘oyalarini ilgari surish maqsadida O‘zbekistonda YUNESKO shafeligida Dinlararo muloqot va bag‘rikenglik xalqaro markazini tashkil etish taklif qilindi.

— Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy kabi jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islom dinining tinchlik, ilm va ma’rifat dini ekanini namoyon etgan buyuk olim va mutafakkirlar yurti ekanimizdan haqli ravishda faxrlanamiz, — dedi davlatimiz rahbari.

Ushbu buyuk siymolarning boy merosini o‘rganish va islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024-yilda O‘zbekistonda “Islom — tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi.

Xalqaro xavfsizlik Afg‘onistondagi jarayonlar bilan bevosita bog‘liq ekani ta’kidlandi. Ushbu mamlakatda alohida yondashuvlarni talab qiladigan yangi vaziyat yuzaga kelgan. Muammolarni e’tiborsiz qoldirish, yakkalash va sanksiyalar joriy etish oddiy afg‘on xalqining ahvolini yanada og‘irlashtirmoqda.

Afg‘on xalqiga gumanitar yordam ko‘rsatish susaymasligi kerakligini ta’kidlagan Prezident mamlakatning muzlatilgan xalqaro aktivlarini Afg‘onistondagi keskin ijtimoiy muammolarni hal etishga yo‘naltirish uchun tegishli mexanizmlarni ishlab chiqishga chaqirdi.

— Bizga mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida ishtirok etadigan, qo‘shnilari va boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli sheriklik uchun ochiq bo‘lgan tinch va barqaror Afg‘oniston kerak, — dedi davlatimiz rahbari.

BMTning yuksak minbaridan turib, O‘zbekiston Prezidenti jahon hamjamiyatini Afg‘oniston muammosini hal etishda birlashishga hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbarligida Afg‘oniston bo‘yicha kelishilgan va konstruktiv pozitsiyani ishlab chiqishga chaqirdi.

Nutq yakunida ta’kidlanganidek, tarixiy burilish davrida barchamiz kelajak avlodlarga qanday sayyorani qoldirishimiz haqida o‘ylashimiz lozim:

“Faqat umumiy intilishlar va birgalikdagi sa’y-harakatlar bilangina mustahkam tinchlik va farovonlikka erishish mumkin. Bizga har qachongidan ham ko‘proq o‘zaro ishonch, birdamlik va hamkorlik zarur”.

O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkiloti institutlari va barcha davlatlar bilan keng qamrovli hamda uzoq muddatli sheriklikni chuqurlashtirishga tayyor ekanini yana bir bor tasdiqladi.

www.president.uz

| 11 20.09.2023



×
Portal xaritasi