- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 11
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 10
- Karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilandi. 9
- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 9
- Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi 8
Prezident Shavkat Mirziyoyev hududlarda sanoatni rivojlantirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.
Tadbir boshida davlat rahbari koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyatga to‘xtaldi. Xususan, so‘nggi bir oy ichida mamlakatning barcha hududlarida yotoq o‘rinlari va nafas olishni qo‘llab-quvvatlash apparatlari soni bir necha barobar oshirilgani, davolash usullari yangilangani hamda tez tibbiy yordam xizmati faoliyati kuchaytirilgani qayd etildi. Natijada koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi 59 foizdan 77 foizga oshdi. COVID-19 bilan kasallanganlar soni 32 ming nafardan oshgan bo‘lsa-da, 25 ming nafardan ortiq bemor sog‘aydi, 7 ming nafari davolanishni davom ettirmoqda.
— Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarning barqaror faoliyatini ta’minlash, aholining yashash sharoitlarini yengillashtirish bilan birga, fuqarolarimizning salomatligi va hayotini himoya qilish borasidagi kurashni susaytirmagan holda karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatishimiz zarur. Xalqning o‘zi ham buni so‘ramoqda, — dedi Prezident.


Shundan kelib chiqib, 15-avgustdan boshlab avtotransport vositalarining harakatlanishiga, mahalliy aviaqatnovlar va temir yo‘l transporti qatnoviga cheklovlarsiz ruxsat berish ko‘rsatib o‘tildi. Shuningdek, sanatoriylar, pansionatlar, mehmonxonalar, muzeylar, bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari, go‘zallik salonlari, sartaroshxonalar hamda ochiq havodagi umumiy ovqatlanish maskanlari faoliyati qayta tiklanadi. Oilaviy tadbirlarni uy sharoitida, belgilangan talablarga rioya qilgan holda, 30 nafardan oshmagan ishtirokchi bilan o‘tkazishga ruxsat beriladi.
17-avgustdan boshlab hududlar o‘rtasida avtotransport vositalari harakatini, jamoat transporti faoliyatini (metropolitendan tashqari), shu jumladan, shahar atrofi avtobuslari qatnovini qayta tiklash rejalashtirilmoqda.
20-avgustdan boshlab kiyim-kechak va qurilish materiallari bozorlari, yirik do‘konlar, sport zallari, fitnes-klublar va basseynlar faoliyat yuritishi mumkinligi qayd etildi.
Respublika komissiyasi oldiga har bir faoliyat turi bo‘yicha sanitariya talablariga muvofiq ishlashning aniq qoidalarini belgilash vazifasi qo‘yildi. Epidemiologik vaziyat barqaror bo‘lgan mamlakatlardan kelayotgan shaxslarni karantinga joylashtirish va karantindan o‘tkazish tartibini soddalashtirish, pnevmoniya bilan kasallanib tuzalgan bemorlar uchun reabilitatsiya markazlarini tashkil etish topshirildi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmatiga jamoaviy immunitet shakllanishi jarayonini monitoring qilish maqsadida antitanachalarni muntazam tekshirish tizimini yo‘lga qo‘yish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Madaniy-ma’rifiy, ko‘ngilochar televideniye va radio dasturlarini ko‘paytirish, ijtimoiy masofani saqlagan holda spektakllar, filmlar, konsertlar va boshqa tadbirlarni namoyish etishni tashkil qilish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
— Karantin yumshatilishiga qaramay, barchamiz ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish, dezinfeksiya va boshqa sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilishimiz, ilgari yo‘l qo‘yilgan xatolarni takrorlamasligimiz kerak. Xudoga shukr, barchamiz yetarlicha tajriba to‘pladik. Ko‘p sinovlarni boshdan kechirgan xalqimiz katta jasorat va matonat, yuksak tibbiy madaniyat namoyon etmoqda. Temir intizomga rioya qilib, qat’iyat va sabr-toqat bilan bu sinovlarni, albatta, yengib o‘tamiz. Men bunga qat’iy ishonaman, — deya ta’kidladi Prezident.