- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 13
- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 12
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 12
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 11
- Karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilandi. 10
Joriy yil 2-avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahrirdagi loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda parlament a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining mas’ul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, keyingi yillarda barcha sohalar qatori bojxona tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Harakatlar strategiyasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni hamda «O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi Qarori qabul qilindi.
Tashqi iqtisodiy faoliyat sohasida davlat xizmatlarining shaffofligini hamda ulardan erkin foydalanish imkoniyatini oshirish, mamlakatning iqtisodiy manfaatlarini hisobga olgan holda eksport-import operatsiyalarining mutanosibligini ta’minlash tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirish, investitsiya va eksport salohiyatini yuksaltirish, aholining turmush sharoiti va sifatini yaxshilashning eng muhim shartlari hisoblanadi.
Shu ma’noda, yig‘ilish ishtirokchilarining fikricha, 1997-yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi Qonunining ko‘pgina normalari bugungi kun talablariga javob bermaydi. Shu bois, Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, mazkur Qonunning yangi tahririni qabul qilish zarurati yuzaga kelmoqda.
«Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi Qonunning yangi tahriri loyihasi Qonunchilik palatasi tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilinib, bugungi kunda ushbu loyihani Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Tadbirda Qonun loyihasining yangi tahrirdagi maqsadi, mazmun-mohiyati, amaldagi qonundan farqlari, uni yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar keng muhokama qilindi.
Ta’kidlash joizki, Qonun loyihasi bilan xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida qonuniylik, ochiqlik, shaffoflik hamda jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya qilish bojxona organlarining majburiyati sifatida belgilanishi taklif etilmoqda. Bojxona sohasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirishni bojxona organlarining asosiy vazifalaridan biri sifatida belgilash, tadbirkorlik faoliyatiga noqonuniy aralashish va xususiy mulkdorlar huquqlarini buzganlik uchun bojxona organlari xodimlarining javobgarligini oshirish, shuningdek, bojxona organlarida xizmatni o‘tash tartibi va shartlarini batafsil belgilash nazarda tutilmoqda.
Tadbir yakunida Qonun loyihasini yanada takomillashtirish hamda uni yaqin kunlarda Qonunchilik palatasining yalpi majlisida ikkinchi o‘qishda muhokamaga kiritish bo‘yicha Qo‘mitaning vazifalari belgilab olindi.