O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2018-yilning 27-sentyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlisda hukumat a’zolari, vazirlik va markaziy idoralar rahbarlari, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisining birinchi kuni haqida axborot

Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev olib bordi. Yalpi majlis kun tartibi tasdiqlanganidan so‘ng senatorlar ko‘rib chiqilayotgan masalalarni muhokama qilishga kirishdilar.

Parlament a’zolari ishni O‘zbekiston Respublikasining «Davlat bojxona xizmati to‘g‘risida»gi Qonunining yangi tahririni muhokama qilishdan boshladilar.

Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun bojxona organlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish, fuqarolarning, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha huquqiy mexanizmlarni yaratishga qaratilgan.

Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona xizmatining asosiy vazifalari jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, bojxona qonunchiligiga rioya etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish, qonun hujjatlari buzilishining, shu jumladan kontrabandaning oldini olish, ularni aniqlash va ularga chek qo‘yish etib belgilangan.

Shu bilan birga, Qonunda bojxona organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish, fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, tavakkalchiliklarni boshqarish tizimini qo‘llash samaradorligini muntazam monitoring qilish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va nazoratning texnik vositalarini qo‘llash, bojxona ishini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish va uni takomillashtirish, tashqi savdo operatsiyalarini monitoring qilish, eksport-import shartnomalarining bajarilishini tahlil qilish, bojxona organlari vakolatiga taalluqli qismda tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirish chog‘ida valyuta qonunchiligiga rioya etilishini nazorat qilish, tovarlar tashqi savdosi bojxona statistikasini va tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasini yuritish bo‘yicha yangi vazifalari ham belgilangan.

Ularning faoliyatining asosiy prinsiplari ham qonun bilan mustahkamlanmoqda. Bular qonuniylik, yagonalik, ochiqlik va shaffoflik, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlariga rioya etish va ularni hurmat qilishdan iborat.

Ta’kidlanganidek, mazkur Qonunda xodimlarning qo‘shimcha huquq va majburiyatlari nazarda tutilgan hamda xizmatni o‘tashning batafsil tartibi va shartlari belgilangan. Jumladan, xizmatga qabul qilish, maxsus unvonlar berish, ularni pasaytirish va mahrum etish, lavozimga tayinlash va lavozimidan ozod qilish, tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, xizmat safarlariga yuborish, attestatsiyadan o‘tkazish, xodimlarga ta’til berish, xizmat muddatini uzaytirish, xizmatdan bo‘shatish va xizmatga tiklash, xizmatni o‘tash rejimini ta’minlash tartiblari belgilangan. Bojxona xizmati organlari xodimlarini huquqiy va ijtimoiy himoya qilish choralari ham aniqlashtirilgan.

So‘zga chiqqanlar Qonun bojxona organlari xodimlari tomonidan o‘z majburiyatlarini bajarish bilan bog‘liq harakatlarning qonuniyligi kafolatlarini mustahkamlashga, ularning moddiy va ijtimoiy himoyasini yanada yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasining «Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida»gi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ta’kidlanganidek, Qonun O‘zbekiston aholisini mamlakat ichidagi korxonalarda ham, xorijda ham ishga joylashtirish imkoniyatlarini ko‘paytirish va kengaytirish, davlat xizmatlari hamda bandlikning xususiy sektori o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik mexanizmlarini aniq tartibga solish, ishga joylashtirish xizmatlarini ko‘rsatish tartibi va shartlarini, shu jumladan xususiy bandlik agentliklari, korxonalar va ish qidirayotgan shaxslarning huquq va majburiyatlarini belgilashni nazarda tutadi.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining xususiy bandlik agentliklari faoliyatini tartibga solish sohasidagi vakolatlari mustahkamlangan. Qonun normalariga muvofiq, davlat organlari va boshqa tashkilotlar xususiy bandlik agentliklariga aholini, shu jumladan xorijda ish bilan ta’minlashga qaratilgan dastur va loyihalarni amalga oshirishga jalb etishda, aholini ishga joylashtirish sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirishda, aholini ish bilan ta’minlash masalalari bo‘yicha axborot kampaniyalari, konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlarni tayyorlash hamda o‘tkazishda ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash to‘g‘risida»gi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligi prinsiplariga rioya etish, fuqarolar yig‘inlari rahbarlarining davlat organlaridan mustaqilligini ta’minlash, fuqarolar yig‘inlarining kadrlar salohiyatini oshirish hamda mahalla instituti faoliyati samaradorligini kuchaytirishga qaratilgan. Fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) vakolat muddati ikki yarim yildan uch yilga uzaytiriladi.

Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashda fuqarolarning yanada keng ishtirokini ta’minlash maqsadida Qonunda mamlakatning har bir hududidagi aholi sonini hisobga olgan holda hovlilar, turar joylar va ko‘chalardan vakillikning eng kam normasi belgilangan. Tabaqalashtirilgan kvotalashni ta’minlash uchun vakillikning eng kam normasi saylovda ishtirok etish huquqiga ega fuqarolar sonining 12 foizi miqdorida belgilanishi nazarda tutilgan. Qonunda fuqarolar vakillariga qo‘yiladigan talablar ham belgilangan. Qoidaga ko‘ra, ular tashkilotchilik qobiliyatiga, hayotiy tajribaga va aholi orasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan shaxslar bo‘lishi lozim.

Qonunga muvofiq, respublika darajasida saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan Senat Kengashi tomonidan tuziladigan Fuqarolar yig‘inlari raislarini (oqsoqollarini) saylashni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashish bo‘yicha Respublika komissiyasi shug‘ullanadi. Uning tarkibiga Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, davlat organlari, nodavlat notijorat, ilmiy va boshqa tashkilotlar vakillari ham kirishi mumkin.

Fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishini nazorat qilishning har qanday imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish maqsadida fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashda yashirin ovoz berish tartibi belgilanadi.

Qonun normalariga muvofiq, fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashni tashkil etish va o‘tkazish, saylov o‘tkaziladigan sana, vaqt va joy, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar, ovoz berish yakunlari haqidagi ma’lumotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish kengashlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirilishi kerak. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashni takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunini ham ko‘rib chiqdilar.

Qonun fuqarolarning fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylashda ishtirok etish bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini to‘liq amalga oshirishlari uchun sharoit yaratish, saylov jarayonining ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, fuqarolar yig‘inlari raislariga (oqsoqollariga) o‘z bilimlari va boshqaruv qobiliyatlarini namoyon etishlari uchun kengroq imkoniyatlar berishga qaratilgan.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartishlar kiritiladi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan va «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi Qonundan «va uning maslahatchilari» so‘zlari chiqarib tashlanadi. Shuningdek, Konstitutsiyadan fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) vakolat muddati haqidagi qoida ham chiqarib tashlanadi. Bu masala O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolar yig‘ini raisini (oqsoqolini) saylash to‘g‘risida»gi Qonunida o‘z aksini topgan.

So‘zga chiqqanlar Qonunning qabul qilinishi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylov jarayonining ochiqligini, fuqarolar yig‘inlari rahbarlarining davlat organlaridan mustaqilligini ta’minlashini, fuqarolar yig‘inlarining kadrlar salohiyati sifatini va mahalla instituti faoliyati samaradorligini oshirishini ta’kidladilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Keyingi masala senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kunini belgilash to‘g‘risida»gi Qonunini ko‘rib chiqish bo‘ldi.

Qonunda 5-aprel kunini O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kuni etib belgilash nazarda tutilgan.

Senatorlar Qonunning qabul qilinishi harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik, xizmat burchiga sadoqat ruhida harbiy-vatanparvarlik, ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash ishlarini kuchaytirish, harbiy xizmatchilar va xodimlarda tanlagan kasbidan faxrlanish tuyg‘usini shakllantirish, shaxsiy tarkibning jipsligini mustahkamlash, Xizmat faoliyati samaradorligini oshirish, fuqarolarda, shu jumladan yoshlarda faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, shuningdek, harbiy xizmatning jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Oliy Majlis Senati a’zolari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar ta’kidlaganidek, Qonunning maqsadi iqtisodiy munosabatlar va tadbirkorlikni rivojlantirish sohasidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishdan iborat. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi «Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, kiritilayotgan o‘zgartishlar ayrim faoliyat turlarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalarning amal qilish muddatiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishni nazarda tutadi.

Litsenziya talab etiladigan faoliyat turlari ro‘yxatidan to‘rt tur chiqarib tashlanadi: aeroportlarda havo tashishlari bilan bog‘liq havo kemalariga xizmat ko‘rsatish; audiovizual asarlarni tayyorlash, nusxasini ko‘paytirish va ekranda namoyish etish; audiovizual asarlar, fonogrammalar va kompyuter dasturlarini sotish hamda ijaraga berish; tamaki xomashyosini fermentatsiyalash. Bunda litsenziyalanadigan to‘rt faoliyat turi bitta faoliyat turiga birlashtiriladi — telekommunikatsiya tarmoqlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va xizmatlar ko‘rsatish.

Qonun bilan ustav fondida davlat ulushi mavjud bo‘lgan korxonalar uchun ayrim talablar bekor qilinadi. Jumladan, tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash holatida qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslarini vakolatli organ bilan kelishish zarurati; tovarni bojxona hududidan tashqarida qayta ishlash mamlakatning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazmasligi to‘g‘risida vakolatli organning xulosasi mavjud bo‘lishi zarurati; tovarni bojxona hududida qayta ishlash holatida qayta ishlash jarayonining texnik-iqtisodiy asoslarini vakolatli organ bilan kelishish zarurati bekor qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-apreldagi «Davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, Qonun bilan bojxona brokeri sifatida faoliyat yuritish uchun ruxsat beruvchi hujjatni olish talabi, shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi bo‘yicha mutaxassisda malaka attestati bo‘lishi zarurati bekor qilinishi nazarda tutilgan o‘zgartishlar kiritiladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 23-martdagi «Bank xizmatlarining ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi va 2017-yil 12-sentabrdagi «Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va uning barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorlariga muvofiq, banklarga mikrozayomlar berish huquqini taqdim etuvchi o‘zgartishlar kiritiladi. Bunda mikromoliyaviy xizmatlar ko‘rsatish shartnomalari bo‘yicha bir yil davomida qarz summasining yarmidan ortiq miqdorda foizlar hisoblash, komissiya to‘lovlari va neustoyka (jarima, penya) undirish, shuningdek, javobgarlikning boshqa choralarini qo‘llash taqiqlanadi.

Senatorlar Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va umuman iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirishga xizmat qilishini ta’kidladilar. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasining «Yuridik yordam va huquqiy xizmatlar ko‘rsatish tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Mazkur Qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, Fuqarolik, Uy-joy va Soliq kodekslariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining «Notariat to‘g‘risida»gi va «Advokatura to‘g‘risida»gi qonunlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida kiritilayotgan o‘zgartishlar advokat faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik uchun javobgarlik belgilashni, yuridik xizmat xodimi, sudya, tergovchi yoki prokuror lavozimida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan ayrim toifadagi shaxslarga advokatlik tuzilmasida stajirovkadan o‘tmasdan malaka imtihonini topshirish huquqini berishni nazarda tutadi.

Qonun advokatlik byurolarini tashkil etgan advokatlarga o‘zlariga mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asosda tegishli bo‘lgan turar joylarda faoliyat yuritish huquqini beradi. Bunda advokatga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan turar joylarni advokatlik byurosi faoliyatida foydalanish uchun noturar joylarga o‘tkazish talab etilmaydi. Advokatga patent vakili va mediator sifatida, davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimi sifatida shartnoma asosida, shuningdek, hakamlik sudlari va xalqaro tijorat arbitrajlarida (sudlarida) sudya sifatida faoliyat yuritish huquqi beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 25-maydagi «Notariat tizimini profilaktik adliya instituti sifatida yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini notarial tasdiqlashni bekor qilish, notarial tasdiqlanishi lozim bo‘lgan harakatlar ro‘yxatini maqbullashtirish, yuridik shaxsning vakolatli organi iltimosiga ko‘ra uning kollegial organlari tomonidan qaror qabul qilinganligi faktini notarial tasdiqlash, notarius lavozimiga nomzodlar uchun stajirovka muddatini 2 yildan 1 yilga qisqartirishni nazarda tutadi. Shuningdek, kamida 5 yil sudya lavozimida yoki kamida 3 yil notarial faoliyatga rahbarlik qilish va uni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarda ishlagan shaxslar uchun notarius lavozimiga nomzod sifatida stajirovkadan o‘tish talabi bekor qilinadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasining «Aholini ijtimoiy himoya qilish hamda uy-joy kommunal xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonunda O‘zbekiston Respublikasining «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonuniga va O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 28-dekabrdagi «Mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan pensionerlarning ayrim toifalari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar pensioner Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limi tomonidan ortiqcha to‘langan pensiya summasini ushlab qolish to‘g‘risidagi qarorga rozi bo‘lmagan taqdirda, aniqlangan qarzdorlikni sud tartibida, biroq u aniqlangan sanadan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddat uchun undirish tartibini joriy etishni nazarda tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-noyabrdagi «Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar davlat va xususiy uy-joy fondlarida suv ta’minoti va suv chiqarish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun majburiy to‘lovlarni 100 foiz oldindan to‘lash asosida amalga oshirishni nazarda tutadi. Suv ta’minoti va suv chiqarish (kanalizatsiya) xizmatlari uchun 100 foiz oldindan to‘lov amalga oshirilmagan taqdirda, davlat va xususiy uy-joy fondlaridagi xonalarning mulkdorlari, ijaraga oluvchilari va arendatorlariga nisbatan suv ta’minoti va suv chiqarish tizimlaridan to‘liq uzib qo‘yishgacha bo‘lgan choralar qo‘llanilishi mumkin. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Keyingi muhokama mavzusi O‘zbekiston Respublikasining «Jamoat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonuni bo‘ldi.

Ta’kidlanganidek, Qonun jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida jinoyat qonunchiligini, jinoyat-protsessual qonunchilikni hamda ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikni yanada takomillashtirishga qaratilgan.

Jumladan, Qonun bilan yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.

Qonunda hayoti yoki sog‘lig‘i uchun xavfli holatda bo‘lgan shaxsga shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatishni asossiz ravishda rad etganlik uchun ham ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik, noqonuniy aralashganlik hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga tajovuz qiluvchi boshqa huquqbuzarliklar uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik kuchaytiriladi.

Muhokama davomida Qonunning qabul qilinishi jamoat xavfsizligini ta’minlashning qonunchilik asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasining «Atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar ta’kidlaganidek, Qonun amaldagi qonunchilik normalarini yanada takomillashtirish, mansabdor shaxslarning javobgarligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklarning profilaktikasi, oldini olish, aniqlash va ularga chek qo‘yishning huquqiy mexanizmlarini mustahkamlash choralarini amalga oshirishga qaratilgan.

Mazkur Qonunda nazarda tutilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining «Chiqindilar to‘g‘risida»gi Qonuniga ham kiritiladi.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga suvning davlat hisobini yuritish qoidalarini buzganlik, suv xo‘jaligi inshootlari va qurilmalariga shikast yetkazganlik yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzganlik, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar rejimini buzganlik, shuningdek, sanoat, maishiy va boshqa chiqindilarni yig‘ish, zararsizlantirish, saqlash hamda realizatsiya qilishda tabiatni muhofaza qilish talablarini buzganlik uchun qat’iy javobgarlik choralarini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritiladi.

O‘zbekiston Respublikasining «Chiqindilar to‘g‘risida»gi Qonunida «chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish» tushunchasining mazmuni chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni hisobga olish va nazorat qilish, chiqindilarni ko‘mish va utilizatsiya qilish joylarining davlat kadastrini yuritish, chiqindilarni transchegaraviy tashish kabi faoliyat turlari hisobiga kengaytiriladi. Shuningdek, sanoat va maishiy chiqindilarni maxsus texnik qurilmalarsiz zararsizlantirish taqiqlanadi.

Ta’kidlanganidek, Qonunning qabul qilinishi profilaktika choralarini kuchaytirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, shu jumladan ichimlik suvidan oqilona foydalanish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun mansabdor shaxslar va fuqarolarning javobgarligini oshirish, shuningdek, maxsus vakolatli davlat organlarining tezkor va samarali faoliyatini tashkil etishga xizmat qiladi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Keyin senatorlar O‘zbekiston Respublikasining «Odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish haqida»gi Qonunini ko‘rib chiqdilar.

Qonun odil sudlovni amalga oshirish samaradorligini oshirish va sudlar faoliyatini tashkil etishni takomillashtirishga qaratilgan. Jumladan, Oliy sud raisining o‘rinbosarlari — tegishli sudlov hay’atlari raislarining sudlov hay’atlari va quyi sudlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida Qonun bilan «Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunning 27-moddasiga o‘zgartishlar kiritiladi.

Kiritilayotgan o‘zgartishlarga muvofiq, yuqorida qayd etilgan shaxslar Oliy sudning tegishli sudlov hay’atlari ishiga rahbarlik qilish bilan bir qatorda, tegishli hay’atlarning sud majlislarida raislik qiladilar, tegishli sudlov hay’atlari majlislarida ishlarni ko‘rib chiqish uchun sud tarkiblarini shakllantiradilar, quyi sudlar faoliyatini tashkil etishga ko‘maklashadilar.

«Sudlar to‘g‘risida»gi Qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar viloyat va ularga tenglashtirilgan sudlar raislari hamda rais o‘rinbosarlarining sud va quyi sudlar faoliyatini tashkil etish samaradorligini oshirish borasidagi mas’uliyatini kuchaytirishni nazarda tutadi. Sudlar faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishni ta’minlash, shuningdek, ishlarni sudyalar o‘rtasida to‘g‘ri va teng taqsimlash maqsadida kiritilayotgan o‘zgartish sud ishlarini avtomatlashtirilgan tizim orqali taqsimlashni nazarda tutadi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi bir qator qonunlarni ko‘rib chiqdilar: «Islom mamlakatlari standartlar va metrologiya institutining Ustavi va Protsedura qoidalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi Qonun (Istanbul, 1999-yil 7-noyabr, 2017-yil 7-maydagi o‘zgartishlar bilan); «Islom hamkorlik tashkiloti Ustaviga tuzatishni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi Qonun (Abidjan, 2017-yil 10–11-iyul); «Parij bitimini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi Qonun (Parij, 2015-yil 12-dekabr). Qonunlar senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisi birinchi kunidagi ish yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati

| 7 27.09.2018



×
Portal xaritasi