Ekstremizmga qarshi kurashda eng muhimi — qonun ustuvorligi

2018-yil 26-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan «Ekstremizmga qarshi kurashning qonunchilik asoslari» mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Ekstremizmga qarshi kurashda eng muhimi — qonun ustuvorligi

Tadbirda deputatlar, Toshkent harbiy okrugi va Toshkent viloyati hokimligi vakillari, harbiy xizmatchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida Qurolli Kuchlar tizimini isloh qilish va modernizatsiya qilish, sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlarni takomillashtirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, yuqori malakali harbiy kadrlarni tayyorlash, harbiy xizmatchilar va yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Prezidentimizning 2017-yil 12-dekabrda qabul qilingan «Mudofaa vazirligi va joylardagi davlat hokimiyati organlari faoliyatining samaradorligini oshirish, yoshlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda ularning mamlakat mudofaa salohiyatini mustahkamlashdagi mas’uliyatini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Ushbu sohadagi islohotlarni amalga oshirishda, xususan, Mudofaa doktrinasi ijrosini samarali ta’minlashda parlament palatalari, qo‘mitalar va fraksiyalar, shuningdek, deputatlarning ishtiroki muhim ahamiyatga ega. Mazkur jarayonda parlament nazorati imkoniyatlaridan foydalanish davr talabiga aylanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev 2018-yil fevral oyida Buxoro viloyatidagi Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrugga qarashli harbiy qismlardan biriga tashrif buyurib, namunali sektor faoliyati bilan yaqindan tanishgan edi. O‘shanda davlatimiz rahbari mamlakatimiz mudofaa tizimida amalga oshirilayotgan islohotlardan ko‘zlangan maqsad armiyani xalqimizga yaqinlashtirishdan iborat ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, Vatan himoyachilarining xizmat sharoitlarini yaxshilash, ularning oilasi va farzandlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etgan edi.

Darhaqiqat, mamlakatimizda harbiy-ma’muriy sektorlar faoliyatining tashkil etilishi soha rivoji va tizim takomillashuvi, shuningdek, harbiy xizmatchilar uchun zarur sharoitlarni yaratishda muhim ahamiyatga ega.

Eshituv davomida Toshkent viloyatida tashkil etilgan va viloyat hokimi rahbarlik qilayotgan harbiy-ma’muriy sektorda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan soha mas’ullarining axboroti tinglandi. Xususan, infratuzilmani rivojlantirish, harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash, harbiy qismlar va muassasalarni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, zaxiradagi ofitser kadrlar bilan ishlashni yo‘lga qo‘yish, ta’lim muassasalarida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida, faol hayotiy pozitsiyaga ega insonlar etib tarbiyalash hamda harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berildi.

Tadbirda Prezidentimizning joriy yil 10-yanvar kuni Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan tarkibdagi majlisida so‘zlagan ma’ruzasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida 2018-yilga mo‘ljallangan «Yo‘l xaritasi» doirasida amalga oshirilgan ishlarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Ta’kidlanganidek, Chirchiq shahrida 8,8 milliard so‘m mablag‘ hisobiga respublikamizda birinchi bor «Tank biatloni» harbiy-taktik o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish maydoni barpo etilgan. Bundan tashqari, yurtimizda ilk bor 10 mingdan ortiq harbiy xizmatchi va fuqarolar ishtirokida «Tank biatloni» harbiy-taktik mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Harbiy qismlar va muassasalar oshxonalarini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha joriy etilgan autsorsing tizimining yuqori samaradorlik bilan ishlayotgani qayd etildi. Hozirda sektordagi harbiy qismlarda maxsus tanlab olingan 17 ta tadbirkorlik subyektining 500 nafardan ortiq xodimi autsorsing xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, «Yo‘l xaritasi»da harbiy xizmatchilarga imtiyozli shartlarda taqdim etiladigan zamonaviy uy-joylar qurish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Toshkent viloyatida soha xodimlari uchun barpo etilayotgan 416 xonadonga mo‘ljallangan 16 ta ko‘p qavatli uyning qurilish muddatlari, sifati va mavjud muammolari yuzasidan qo‘mita a’zolari hamda sektor mas’ullari o‘rtasida savol-javoblar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, Chirchiq shahrining o‘zida 252 xonadonga mo‘ljallangan 7 ta besh qavatli zamonaviy uy-joy qurilishi yakunlanayotgani haqida axborot berildi. Viloyat mudofaa ishlari boshqarmasining ma’muriy binosi to‘liq ta’mirlangan. Yuqorichirchiq tumani mudofaa ishlari bo‘limi binosi yangidan qurilgan. Mazkur ishlarga 2,3 milliard so‘m sarflangan.

Bir qator harbiy qismlarni obodonlashtirish, yo‘l qurilishi hamda sport majmuasini mukammal ta’mirlash ishlari uchun 10,5 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hozirda bunyodkorlik ishlari yakunlanmoqda.

Tadbirda, shuningdek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga ko‘rsatilayotgan e’tibor, xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oilalaridan muntazam xabar olib turish, ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, soha xodimlarining o‘z vaqtida oilasi bilan birgalikda dam olishini tashkil etish, harbiylashtirilgan sport musobaqalarini tizimli ravishda o‘tkazish hamda harbiy xizmatchilarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish borasida amalga oshirilgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.

Ishtirokchilar tomonidan sohadagi muammolar va ularning yechimiga oid fikr-mulohazalar hamda amaliy takliflar bildirildi. Ochiq va konstruktiv ruhda o‘tgan tadbir yakunida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

| 7 28.09.2018



×
Portal xaritasi