- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 11
- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 11
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 11
- Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi 10
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 10
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni sog‘liqni saqlash va ilm-fan sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
So‘nggi yillarda birlamchi, shoshilinch va ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam tizimida muhim islohotlar amalga oshirildi. Davlat rahbarining 2018-yil 7-dekabrdagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini 2019–2025-yillarda rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi.
Yig‘ilishda kasalliklarning oldini olish maqsadida vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalar xodimlari aholi xonadonlarini birma-bir aylanib chiqishi, aholini patronaj bilan qamrab olishi hamda hududiy shifoxonalar bilan ma’lumot almashish tizimini yo‘lga qo‘yishi zarurligi ta’kidlandi. Bunda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi qayd etildi.
Tibbiyot tizimini ilg‘or xorijiy standartlar asosida tashkil etish, aholining sog‘liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytirish choralari muhokama qilindi.
16 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazining faoliyati ham ko‘rib chiqildi. Ularga kasallanish ko‘rsatkichlari tahlili asosida kasalliklarning oldini olish, hududlarda faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda birlamchi tibbiy yordam muassasalari bilan yaqindan hamkorlik qilish vazifalari belgilandi. Mazkur markazlarni yanada rivojlantirish uchun xususiy va xorijiy investitsiyalarni jalb etish muhimligi ta’kidlandi.
Onalik va bolalikni muhofaza qilish ishlarini takomillashtirish, tug‘ish yoshidagi ayollarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va sog‘lomlashtirish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqish topshirildi.
Toshkent shahrining tez tibbiy yordam xizmati faoliyatiga chaqiruvlarni avtomatik qabul qilish va ularga tezkor munosabat bildirish tizimi joriy etildi. Xizmat 150 ta maxsus «Ford» rusumli avtomobil bilan ta’minlandi.
Davlat rahbari ushbu tizimni 2020–2021-yillarda respublikaning barcha hududlarida bosqichma-bosqich joriy etish, shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash zarurligini ta’kidladi.
O‘zbek tilida
Tibbiyot muassasalarini ta’mirlash va ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Joriy yilda Investitsiya dasturi doirasida tibbiyot muassasalarini jihozlash uchun xalqaro moliya institutlari mablag‘larini jalb etish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda sohadagi kadrlar siyosati tanqid qilinib, mutaxassislar yetishmasligi, ularning malakasi va kasbiy salohiyati pastligi kabi muammolar ko‘rsatib o‘tildi. Hozirgi vaqtda sog‘liqni saqlash tizimida 75 ming nafar shifokor faoliyat yuritmoqda. Tizimda qariyb 3 ming nafar umumiy amaliyot shifokori va 10 ming nafar tor soha mutaxassisi yetishmaydi. Ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliyotga joriy etish ko‘rsatkichi esa 5 foizga ham yetmaydi.
Prezident davlat buyurtmasi asosida mutaxassislarni aniq ehtiyojlardan kelib chiqib tayyorlash, tuman, qishloq va ish joyi ko‘rsatilgan maqsadli kvotalarni shakllantirish zarurligini ta’kidladi.
Tibbiyot fanini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar ustuvor yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
Ma’lumki, mamlakatimizda 2020-yil Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili deb e’lon qilingan. Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta muhim yo‘nalishlarini rivojlantirish zarurligini ta’kidlagan edi.
Xususan, joriy yilda matematika, kimyo va biologiya, geologiya kabi sohalarda fundamental va amaliy tadqiqotlarni faollashtirish choralari ko‘riladi, olimlar uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, fundamental va innovatsion tadqiqotlar uchun maqsadli grantlar ajratish mexanizmi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.
Yig‘ilishda mas’ul shaxslarga ushbu ishlarni tizimli tashkil etish, islohotlarni maktab ta’limidan tortib ilmiy-tadqiqot muassasalarigacha bo‘lgan barcha bosqichlarni qamrab olgan holda amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari bu sohalarni ham moddiy, ham ma’naviy qo‘llab-quvvatlash zarurligini alohida ta’kidladi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.