Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14-fevral kuni meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyatini samarali tashkil etish, davlat ehtiyojlari uchun paxta va g‘alla yetishtirish tizimidan bosqichma-bosqich voz kechish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish uchun nihoyatda muhim bo‘lgan tarmoqdir. Shu bois agrar sektorni zamonaviy talablar asosida, strategik yondashuv asosida rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

Davlat rahbarining 2019-yil 23-oktabrdagi Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini 2020–2030-yillarda rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilishning aniq yo‘nalishlari Prezidentning Oliy Majlisga yaqinda yo‘llagan Murojaatnomasida ham belgilab berildi.

2025-yilga qadar mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini 100 milliard dollarga, eksport hajmini esa 30 milliard dollarga yetkazish nazarda tutilgan. Qishloq xo‘jaligida ushbu ko‘rsatkichlarga erishish uchun katta zaxira va imkoniyatlar mavjud.

Meva-sabzavot mahsulotlari eksportini, meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohalarida ishlab chiqaruvchilar hamda eksportchilar o‘rtasidagi munosabatlarni samarali tashkil etish maqsadida klaster tizimi joriy etilmoqda. Davlat rahbarining 2019-yil 11-dekabrdagi qarori bilan buning uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratildi.

Videoselektor yig‘ilishida meva-sabzavotchilik va uzumchilik klasterlari faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, ushbu sohada shartnomaviy munosabatlarni to‘g‘ri tartibga solish, mahsulot tayyorlovchilar, qayta ishlovchilar va eksport qiluvchilarning huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligini aniq belgilash birinchi darajali ahamiyatga ega.

Klasterlar takliflari asosida eksportga yo‘naltirilgan ekinlarni joylashtirish, ularni zarur urug‘lik, ko‘chatlar, mineral o‘g‘itlar va yoqilg‘i bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Viloyat va tuman hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari joylarda klasterlar faoliyatini samarali tashkil etish uchun shaxsan javobgar bo‘lishi belgilandi.

Meva-sabzavotchilik klasterlarini aylanma mablag‘lar bilan ta’minlash va ularning loyihalarini o‘z vaqtida moliyalashtirish uchun Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlarining o‘rinbosarlaridan biri mas’ul etib belgilandi.

— Klasterlarni tashkil etishdan asosiy maqsad eksport hajmini oshirishdir. Buning uchun esa yangi bozorlarni izlash zarur. Bozor bo‘lmasa, eksport ham bo‘lmaydi, klaster tizimi ham ishlamaydi. Shu bois xorijdagi talabni doimiy o‘rganish, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish va eksport hajmining izchil o‘sishini ta’minlash lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

«O‘zbekozikovqatholding» kompaniyasiga tashkil etilayotgan har bir klaster bilan individual ishlash, eksport shartnomalarini chuqur tahlil qilish hamda aylanma mablag‘lar ajratilishini hisobga olgan holda qo‘shimcha shartnomalar tuzishga ko‘maklashish topshirildi.

Yig‘ilishda viloyat hokimlari meva-sabzavotchilik klasterlarini tashkil etish, bozorda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlarni yetishtirish va qayta ishlash, eksport hajmini oshirish hamda uning geografiyasini kengaytirish bo‘yicha ish rejalari yuzasidan hisobot berdilar.

Paxtachilik klasterlarini takomillashtirish, paxta va donni davlat ehtiyojlari uchun tayyorlash tizimidan bosqichma-bosqich voz kechish masalalari ham muhokama qilindi.

Prezident Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida paxta va donni davlat buyurtmasi asosida tayyorlash amaliyotini bekor qilib, ularni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish zarurligini ta’kidlagan edi.

Bu boradagi dastlabki qadam sifatida qolipli non, un, bug‘doy, chigit va paxta yog‘i narxlari erkinlashtirildi. Buning oldidan puxta tayyorgarlik ko‘rilgani sababli narxlarning keskin oshishi kuzatilmadi.

Jahon banki ekspertlari ishtirokida paxta va g‘alla bo‘yicha davlat buyurtmasini bekor qilishga doir tegishli chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

— Joriy yilda qishloq xo‘jaligida katta islohotlarni boshlaymiz. Hokimlar bu masalani atroflicha o‘rganishlari kerak. Endi ortga yo‘l yo‘q. Agar qishloq xo‘jaligini erkinlashtirmasak, manfaatdorlikni oshirmasak, iqtisodiy o‘sish va samaradorlikka erisha olmaymiz, — dedi Prezident.

Yig‘ilishda klasterlar faoliyati samaradorligini oshirish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash masalalari har tomonlama tahlil qilindi.

Adliya va qishloq xo‘jaligi vazirliklariga klasterlar faoliyatini tartibga solish, ularning huquq va majburiyatlarini belgilash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Ta’kidlash joizki, paxta tayyorlashning amaldagi tizimi fermerlar va klasterlar o‘rtasida moliyaviy xususiyatga ega ko‘plab savollarni keltirib chiqarmoqda. Bir tomondan, bu tizim paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun mablag‘ yetishmasligiga sabab bo‘layotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tayyorlangan xomashyo uchun fermer xo‘jaliklari bilan hisob-kitob qilish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Shu munosabat bilan klasterlarni moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, klasterlarda mahsulot yetishtirish va qayta ishlashni alohida faoliyat turi sifatida kreditlashni joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etilmagan hududlarda paxta tozalash zavodlari negizida fermer kooperatsiyalari tashkil etilishi belgilandi.

Masalan, bu tajriba Turkiyada o‘zini oqlagan. Ushbu tizimning muhim jihati shundaki, fermerlar nafaqat xom paxtani, balki uni qayta ishlash natijasida olinadigan mahsulotlarni (tola, chigit, shrot, chigit po‘chog‘i) sotishdan ham manfaatdor bo‘ladilar.

Bundan tashqari, paxta tayyorlovchilar o‘rtasida raqobat shakllanadi. Klasterlar va kooperativlar o‘rtasidagi raqobatdan fermerlar, ya’ni yer egalari bo‘lgan dehqonlar manfaat ko‘radilar.

Paxta va don tayyorlashda davlat buyurtmasining bekor qilinishi rejani bajarish ortidan quvish amaliyotiga barham beradi. Endilikda hokimlar xalq deputatlari Kengashlari bilan birgalikda ekin maydonlaridan samarali foydalanish va ekinlarni to‘g‘ri joylashtirishni nazorat qiladilar. Shuningdek, ular qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini yaxshilash, irrigatsiya tarmoqlarini ta’mirlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ushbu maqsadlar uchun ajratilgan mablag‘lar va subsidiyalardan samarali foydalanish, dehqonlarga servis xizmatlari ko‘rsatish, zararkunandalarga qarshi kurashish hamda paxta terimini mexanizatsiyalash darajasini oshirish uchun ham mas’ul bo‘ladilar.

Videoselektor yig‘ilishida don zaxiralarini yaratish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Ta’kidlanganidek, davlat ehtiyojlari uchun donni majburiy sotish tizimidan davlat zaxirasi tizimiga bosqichma-bosqich o‘tiladi, fermerlarga esa donni erkin sotish huquqi beriladi. Mazkur masala oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgani sababli donni davlatga majburiy sotishdan voz kechish ikki bosqichda amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

Joriy yilda davlat ehtiyojlari uchun don xarid qilish hajmi kamaytiriladi, ya’ni fermerlar ixtiyorida qo‘shimcha ravishda 1 million tonnadan ortiq don qoladi.

2021-yildan boshlab esa donni davlatga sotish rejasi to‘liq bekor qilinadi va mahsulot bozor narxlarida sotiladi.

Prezident ushbu o‘zgarishlarning ahamiyatiga alohida urg‘u berib, tegishli topshiriqlar berdi.

Klaster rahbarlari bilan videokonferensiya orqali muloqot davomida limonchilikni rivojlantirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Davlat rahbari ushbu tarmoq yuqori daromad keltirishini ta’kidlab, hududlarda limonariylar tashkil etish bo‘yicha tavsiyalar berdi. Bu maqsadlar uchun «Turonbank» aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan 100 million dollar miqdorida kreditlar ajratilishi belgilandi.

Yer ajratish masalalaridagi muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi. Sug‘oriladigan yer maydonlarini noqonuniy o‘zlashtirish holatlariga barham berish, yerning har bir qarichidan xalq manfaatlari yo‘lida foydalanish zarurligi ta’kidlandi. Shundan kelib chiqib, joylardagi mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Soha, hudud va tarmoqlar rahbarlari yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot berdilar.

| 9 18.02.2020



×
Portal xaritasi