Korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoatchilik nazorati tizimlari takomillashtiriladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-fevral kuni korrupsiyaga qarshi kurashish va jamoatchilik nazorati tizimlarini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Korrupsiya iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlik uchun haqiqatan qulay muhit va investitsiya iqlimini yaratish yo‘lidagi asosiy to‘siqlardan biridir. Ayrim baholashlarga ko‘ra, korrupsiya tufayli jahon iqtisodiyotiga yetkaziladigan zarar yiliga o‘rtacha 2,6 trillion dollarni tashkil etadi.

Bu muammo mamlakatimizni ham chetlab o‘tmagan. Transparency International xalqaro tashkiloti tomonidan tuziladigan indeksda O‘zbekiston so‘nggi uch yil ichida o‘z o‘rnini 12 pog‘onaga yaxshiladi. Biroq ushbu illatni butunlay yo‘q qilishga hali ancha bor.

Yurtdoshlarimizning fikricha, korrupsiya tibbiyot, ta’lim, bank, bojxona, sud tizimlarida, prokuratura va ichki ishlar organlarida, kommunal xizmat ko‘rsatish sohasida, shuningdek, fuqarolarni ishga qabul qilish jarayonida keng tarqalgan.

Masalan, sog‘liqni saqlash tizimida mablag‘larning 25–30 foizi samarasiz sarflanadi. Ko‘plab sohalarda davlat xaridlari shaffof bo‘lmagan tarzda amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari parlamentga yaqinda yo‘llagan Murojaatnomasida korrupsiyaning oqibatlarini bartaraf etishdan uning oldini olishga o‘tish zarurligini ta’kidlab, korrupsiyaga qarshi kurashish uchun mas’ul bo‘lgan alohida organ tashkil etishni taklif qilgan edi.

Yig‘ilishda ushbu yangi tuzilmani tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Korrupsiya darajasi yuqori bo‘lgan sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy omillardan biri davlat organlari faoliyati va ish jarayonlarining shaffofligidir. Bunda ishga qabul qilish, davlat xaridlari, ruxsatnomalar, litsenziyalar berish va boshqa jarayonlarda ochiqlik hamda shaffoflikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratish zarurligi yig‘ilishda ta’kidlandi.

Adliya vazirligi va Bosh prokuraturaga Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda vazirliklar, kompaniyalar va hokimliklarda ichki korrupsiyaga qarshi choralarni ishlab chiqish va amalga oshirishni nazarda tutuvchi komplayens-nazorat tizimini joriy etish topshirildi.

Xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda davlat xizmatchilari tomonidan mol-mulk va daromadlarni deklaratsiya qilishning barcha tashkiliy-huquqiy asoslarini ishlab chiqish va joriy etish zarurligi ta’kidlandi.

Mas’ul shaxslarga xorijiy tajriba asosida korrupsiyaga qarshi kurashish tuzilmasini tashkil etish bo‘yicha zarur hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi. Ushbu tuzilma nafaqat mazkur sohada davlat siyosatini amalga oshirishi va muvofiqlashtirishi, balki korrupsiyaga qarshi kurashish uchun barcha zarur kuch va vositalarga ega bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Ushbu illatni bartaraf etishning muhim vositalaridan biri jamoatchilik nazoratidir.

Bugungi kunda mamlakatimizda 10 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Biroq ularning roli va faolligi bundan ancha yuqori bo‘lishi mumkin edi. Ularning manfaatlarini ifoda etadigan, ushbu tashkilotlar bilan davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaradigan yaxlit tizim mavjud emas.

Jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorlikning amaldagi tizimi xalqimizni joylarda va turli sohalarda tashvishga solayotgan masalalarni markazga yetkazishga qodir emas, salmoqli natijalarga erishish imkonini bermayapti. Ko‘plab nodavlat notijorat tashkilotlari «rasmiyatchilik uchun» faoliyat yuritmoqda.

«Mahalla», «Nuroniy», Xotin-qizlar qo‘mitasi kabi yirik birlashmalarning fuqarolar uchun qanday foydasi bor, ular qanday dolzarb masalalarni ko‘tarib, hal etishga muvaffaq bo‘ldi? Afsuski, bu savollarga qoniqarli javob yo‘q.

Shu munosabat bilan Prezident Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Jamoat palatasini tashkil etishni taklif qildi.

Yig‘ilishda palataning asosiy vazifalari va faoliyatini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, Jamoat palatasi aholi fikrini muntazam o‘rganib borishi, davlat idoralari oldiga ularni hal etish bo‘yicha aniq vazifalarni qo‘yishi kerak. Jamoatchilik eshituvlari, jamoatchilik monitoringi, jamoatchilik ekspertizasi va jamoatchilik tashabbusi kabi samarali jamoatchilik nazorati shakllarini joriy etish muhimligi qayd etildi.

Yangi palata faoliyatining muhim yo‘nalishlari qatoriga nodavlat notijorat tashkilotlari va davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari faoliyatini faollashtirish, ularga har tomonlama uslubiy yordam ko‘rsatish ham kiradi.

Belgilangan vazifalarni hisobga olgan holda Jamoat palatasining tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish, 2020–2021-yillarda fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini takomillashtirish, nodavlat notijorat tashkilotlariga jamiyat hayotidagi muammolarni o‘rganish va ularni samarali hal etish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun grantlar ajratish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

| 6 12.02.2020



×
Portal xaritasi