Deputatlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga nomzod ma’qullandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligida 2020-yil 12-fevralda bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mahalla institutini takomillashtirish, joylarda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish masalalari muhokama qilingan edi.

Davlat rahbari tomonidan mahalla tizimida o‘zgarishlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi hamda ushbu ulkan sohaga mas’ul bo‘lgan alohida davlat organini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

Quyi palatada joriy etilgan yangi amaliyotga muvofiq, 2020-yil 18-fevral kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar hukumat tarkibiga kiritilishi tasdiqlanayotgan yangi vazirlik rahbari — O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi raisining birinchi o‘rinbosari — «Mahalla» xayriya jamoat fondi raisi Rahmat Mamatov nomzodi taklif etildi.

Muhokamalar davomida xalq vakillari mahalla institutining roli va ahamiyatini oshirish, uni aholining haqiqiy yordamchisiga aylantirish, xotin-qizlarning huquqiy va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamiyat va oilada sog‘lom ijtimoiy-ma’naviy muhitni mustahkamlash hamda ularda farovonlikni ta’minlash bo‘yicha yangi vazirlik va uning rahbariyati oldida turgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan o‘z takliflarini bildirdilar.

Parlament a’zolari, shuningdek, mahalla institutining ichki ishlar organlari, davlat va jamoat tashkilotlari bilan uzluksiz hamda tizimli hamkorligini yo‘lga qo‘yish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va boshqa qator muhim masalalarni muhokama qildilar hamda takliflar bildirdilar.

Shu bilan birga, nomzodning harakatlar rejasi yuzasidan savollar ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga ko‘rsatilgan nomzod Rahmat Mamatov ularga batafsil javob berib, lavozimga kirishganidan so‘ng parlament va vazirlik o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishini ta’kidladi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Rahmat Mamatovni O‘zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri lavozimiga ma’qullash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

| 7 19.02.2020



×
Portal xaritasi