- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 11
- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 11
- Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi 10
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 10
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 10
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24-fevral kuni Yaponiya va Koreya Respublikasi bilan ikki tomonlama investitsiyaviy va savdo-iqtisodiy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ta’kidlash joizki, ushbu ikki davlat nafaqat Osiyoda, balki butun dunyoda, ayniqsa, yuqori texnologiyalar sohasida ilg‘or mamlakatlar hisoblanadi hamda keng investitsiyaviy imkoniyatlarga ega.
Siyosiy iroda va oliy darajadagi muntazam muloqot tufayli O‘zbekistonning ushbu davlatlar bilan munosabatlari strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, hamkorlikning turli yo‘nalishlarida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yildi.
2019-yilda samarali tashriflar amalga oshirilib, ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochildi. Jumladan, 18–21-aprel kunlari mamlakatimizga Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In tashrif buyurdi, 17–20-dekabr kunlari esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yaponiyada bo‘ldi. Uchrashuv va muzokaralar yakunida hukumatlararo va idoralararo hujjatlarning salmoqli to‘plami, savdo-iqtisodiy hamda investitsiya sohalaridagi bitimlar imzolandi.
Bugungi yig‘ilishda ushbu davlatlar bilan o‘zaro savdo va investitsiya ko‘rsatkichlari izchil o‘sib borayotgani qayd etildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 400 million dollardan oshdi. Bugungi kunda respublikamizda Quyosh chiqishi mamlakati kapitali ishtirokidagi qariyb 30 ta korxona faoliyat yuritmoqda.
Kelishuvlarni o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha yangi takliflarni ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratildi.
Yaponiya hamkorlari bilan geologiya, kimyo va neft-kimyo, bank-moliya sektori, sog‘liqni saqlash va ta’lim kabi sohalarda umumiy qiymati 6,6 milliard dollar bo‘lgan 48 ta loyiha amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, HIS kompaniyalar guruhi bilan mehmonxona majmualarini qurish, Isuzu va Itochu kompaniyalari bilan “SamAvto” QK MChJ ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) bilan birgalikda Navoiy issiqlik elektr stansiyasida (Navoiy-3) energiya bloklarini qurish loyihalari va boshqa ko‘plab loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Yig‘ilish davomida ikki tomonlama turli tadbirlarni, jumladan, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillarining o‘zaro tashriflarini tashkil etish hamda yangi qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish orqali O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Koreya Respublikasi bilan iqtisodiy hamkorlik ham sezilarli darajada rivojlanmoqda. Xususan, o‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 2018-yilga nisbatan 27 foizga, jumladan, eksport 30,1 foizga oshdi. Faqat o‘tgan yilning o‘zida O‘zbekistonda Koreya kapitali ishtirokida 198 ta korxona tashkil etildi, ularning umumiy soni esa 800 tadan oshdi.
Koreyalik hamkorlar bilan Toshkent shahrida bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazini qurish loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani ta’kidlandi. Poytaxt viloyatining Qibray tumanida “Tashkent Farma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish ishlari boshlandi. Mazkur loyihani amalga oshirish, xususan, ilmiy-tadqiqot markazi, laboratoriya, vivariy, farmakopeya markaziga ega Farmatsevtika texnika universitetini, shuningdek, dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ishlab chiqarishga mo‘ljallangan sanoat zonasini tashkil etishni nazarda tutadi.
Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, kimyo, yengil, elektrotexnika, farmatsevtika va zargarlik sanoati, ta’lim hamda innovatsiyalar kabi sohalar belgilandi.
Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) texnik ko‘magida 2019-yilda sog‘liqni saqlash va standartlashtirish sohalaridagi umumiy qiymati 13 million dollar bo‘lgan ikkita grant loyihasi yakunlandi. Umumiy qiymati 29,6 million dollar bo‘lgan 6 ta loyiha amalga oshirilmoqda. 2020–2022-yillarda umumiy qiymati 72,2 million dollar bo‘lgan yana 10 ta loyihani amalga oshirish masalasi ishlab chiqilmoqda.
Koreya Respublikasi Eksimbanki bilan hamkorlik doirasida O‘zbekiston Respublikasidagi ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va birgalikda moliyalashtirish uchun 2 milliard dollar miqdoridagi mablag‘lar jalb qilindi hamda strategik ahamiyatga ega 14 ta loyiha amalga oshirildi. Umumiy qiymati 608 million dollar bo‘lgan 6 ta loyihani amalga oshirish boshlandi.
Umuman olganda, Yaponiya va Janubiy Koreya bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish natijasida 40 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratish, ishlab chiqarish hajmini 4,1 milliard dollarga, eksportni esa 1,14 milliard dollarga oshirish ko‘zda tutilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha ishlab chiqilgan “Yo‘l xaritalari”ga muvofiq, 2020-yilga belgilangan chora-tadbirlarni to‘liq va sifatli amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobotlari tinglandi, aniq chora-tadbirlar va vazifalar belgilab olindi.