Xalq ta’limi tizimidagi kamchiliklar tahlil qilinib, ustuvor vazifalar belgilandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2-mart kuni xalq ta’limi tizimidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Prezident davlat rahbari lavozimidagi faoliyatining ilk kunlaridanoq mamlakatimizda kadrlar muammosi hamda islohotlarning belgilangan sur’atiga mos keladigan zamonaviy mutaxassislarga deyarli barcha sohalarda ehtiyoj mavjudligini bir necha bor ta’kidlab kelmoqda.

Shu maqsadda ta’lim tizimi tubdan takomillashtirilmoqda. Maktabgacha ta’lim rivojlantirilmoqda. Xalqaro tajriba va zamonaviy talablarni hisobga olgan holda umumiy o‘rta ta’lim sifati oshirilmoqda.

So‘nggi uch yil ichida mamlakatimizda 160 dan ortiq umumta’lim maktabi barpo etildi. Prezident maktablari, buyuk ajdodlarimiz — olimlar nomi bilan atalgan ixtisoslashtirilgan maktablar, ijod maktablari hamda “Temurbeklar maktabi” kabi innovatsion ta’lim muassasalari tashkil etildi.

Shu bilan birga, so‘nggi uch yil davomida o‘qituvchilarning ish haqi miqdori o‘rtacha 2,5 baravar oshirildi. Olis hududlarda faoliyat yuritayotgan pedagoglar uchun qo‘shimcha ustamalar joriy etildi.

2019-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Zamonaviy maktablar”ni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjatda 2021-yilgacha umumta’lim muassasalarining kamida 3 foizini, 2025-yilgacha 20 foizini, 2030-yilgacha esa 50 foizini “Zamonaviy maktablar”ga aylantirishning asosiy parametrlari belgilandi.

Bularning barchasi sohani o‘rta va uzoq muddatli istiqbolda isloh qilishning birinchi bosqichi bo‘ldi.

Prezident joriy yilning yanvar oyida Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida maktab o‘quv dasturlarini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, o‘quv yuklamasi va o‘rganiladigan fanlarni qayta ko‘rib chiqish, ularni xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish, darsliklar va o‘quv adabiyotlari sifatini oshirish zarurligini ta’kidladi. Davlat rahbari maktablarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llash vazifasini belgilab berdi.

Bugungi yig‘ilishda yangi turdagi maktablarni qurish, mavjud maktablarni bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish hamda o‘qituvchilarning malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Hozirgi vaqtda 9 942 ta maktabdan 2 835 tasi ta’mirga muhtoj, 5 861 ta maktabda esa ortiqcha yuklama sababli ta’lim ikki smenada olib borilmoqda. Joriy yilda 36 ta yangi maktab qurish va 211 tasini kapital ta’mirlash rejalashtirilgan.

Qurilish vazirligiga maktablarni zamonaviy me’morchilik yutuqlari asosida, ilg‘or energiya tejovchi texnologiyalarni qo‘llagan holda qurishni ta’minlash topshirildi.

Laboratoriyalarda o‘tkaziladigan amaliy mashg‘ulotlar sifatli ta’lim olishda muhim o‘rin tutadi.

Biroq bugungi kunda 683 ta fizika, 897 ta kimyo va 901 ta biologiya xonasi o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlanmagan. 7 807 ta fizika, 7 776 ta kimyo va 7 770 ta biologiya xonasining jihozlari eskirgan. 62 mingta sinfxona zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanmagan, 7 mingta kompyuter yetishmaydi.

Shu munosabat bilan maktab laboratoriyalarini yangi texnika bilan jihozlash va ularda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar sonini ko‘paytirish talab etiladi.

Shunga muvofiq, Xalq ta’limi va Moliya vazirliklariga maktablarning jihozlanganlik holatini tanqidiy o‘rganish hamda ularni zamonaviy laboratoriya va kompyuter texnikasi, sport anjomlari va boshqa zarur vositalar bilan ta’minlash topshirildi.

Aniq fanlarni o‘qitishda amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish va interaktiv mashg‘ulotlarga e’tiborni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.

Maktablarda matematika, kimyo, fizika va biologiya fanlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarga o‘quv vaqtining atigi 10 foizi ajratiladi. Rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 30–50 foizni tashkil etadi.

Shu munosabat bilan Xalq ta’limi vazirligi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi oldiga raqamli texnologiyalardan keng foydalanish, aniq fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlarida amaliy mashg‘ulotlar ulushini oshirish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda pedagog kadrlarning bilim va malakasini oshirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.

O‘tgan yili o‘tkazilgan attestatsiya jarayonida qariyb 57 ming nafar o‘qituvchi va murabbiy ishtirok etgani, attestatsiyadan o‘tuvchilarning 43 foizi past baho olgani, respublika bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 100 ballik tizimda 64 ballni tashkil etgani qayd etildi.

Pedagoglarning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish, metodik ta’minotni yangilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Bolalarni ma’naviy va jismoniy jihatdan barkamol shaxslar etib tarbiyalash maqsadida maktablarni badiiy adabiyotlar bilan ta’minlash, boshlang‘ich sinflarda musiqa, tasviriy san’at va jismoniy tarbiya darslariga yangi mazmun berish muhimligi ta’kidlandi.

Mas’ul shaxslar yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot taqdim etdilar.

| 9 02.03.2020



×
Portal xaritasi