- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 11
- Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi 10
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 10
- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 10
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 10
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-mart kuni koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishni kuchaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilish boshida davlat rahbari yana xalqqa murojaat qildi.
– Bugun butun dunyo, insoniyat og‘ir kunlarni boshdan kechirmoqda. Koronavirus infeksiyasi 190 dan ortiq mamlakatga tarqalib, pandemiyaga aylandi. Kasallanganlar soni 450 ming kishidan, vafot etganlar soni esa 21 ming kishidan oshdi.
Afsuski, bu kasallik mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Hozirgi kunga qadar yurtimizda virusni yuqtirganlar soni 65 kishini tashkil etmoqda.
Shu munosabat bilan Bosh vazir boshchiligida Respublika komissiyasi tuzildi, Inqirozga qarshi jamg‘arma tashkil etildi.
Pandemiyaga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish uchun jamg‘armaga 10 trillion so‘m yo‘naltirildi.
Butun mamlakat miqyosida infeksiya tarqalishining oldini olish bo‘yicha samarali choralar ko‘rilmoqda. Jumladan, kasallik aniqlangan dastlabki kunlardan boshlab barcha ta’lim va diniy muassasalar faoliyati, shuningdek, xalqaro va ichki jamoat transporti harakati to‘xtatildi.
Odamlar ommaviy to‘planadigan joylar, xususan, kiyim-kechak bozorlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalari vaqtincha yopildi.
Mulkchilik shaklidan qat’i nazar, barcha korxona va tashkilotlar xodimlariga ta’tillar berilmoqda, ular masofaviy ish rejimiga o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizdagi barcha tibbiyot muassasalari kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tkazildi, 11 ta tibbiyot muassasasi, 97 ta sanatoriy, oromgoh va yotoqxona karantin sharoitida ishlashga moslashtirildi.
Virusli infeksiya tarqalishining oldini olish va profilaktika qilish maqsadida qariyb 80 ming kishi uy sharoitida, 12 ming nafar fuqaro esa statsionar sharoitda karantinda saqlanmoqda.
Pandemiyaga qarshi kurashga qariyb 100 ming nafar tibbiyot xodimi safarbar etildi. Ularga hokimliklar, ichki ishlar organlari, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy gvardiya yaqindan ko‘mak bermoqda.
Shu bilan birga, fuqarolarimizni xorijdan qaytarish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Dastlab Xitoydan evakuatsiya amalga oshirildi, boshqa mamlakatlardan fuqarolarimizni olib kelish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Xorijdagi barcha diplomatik vakolatxonalarimizda shtablar tashkil etildi. So‘nggi 10 kun ichida 20 ta charter reys amalga oshirildi. Rossiya, Turkiya, Eron, Birlashgan Arab Amirliklari, Janubiy Koreya, Misr, Malayziya, Hindiston, Tailand, Indoneziya va Germaniyadan qariyb 4 ming nafar fuqaromiz qaytarildi. Qo‘shni mamlakatlardan esa 80 mingdan ortiq vatandoshimiz qaytib keldi va ular profilaktoriylar, sanatoriylar hamda boshqa tibbiyot muassasalarida karantinga joylashtirildi.
Bundan tashqari, diplomatik vakolatxonalar Rossiya, Xitoy, Singapurdan ekspress-testlar, tibbiy uskunalar va insonparvarlik yuklarini, shuningdek, ilg‘or mamlakatlardan yetakchi va tajribali mutaxassislarni jalb qilish ustida ishlamoqda.
Shuni aniq tushunish kerakki, kasallanganlar soni mamlakatimizda 100 kishiga ham yetmaydi, deb o‘zimizni ovutib, beparvolikka berilish xiyonat bilan barobardir.
Koronavirus menga yuqmaydi, deb o‘ylayotganlar o‘zlarini ham, ota-onalari, farzandlari va atrofdagilarni ham katta xavf ostiga qo‘yayotganini, ularning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solayotganini chuqur anglab yetishlari kerak.
Davlat tomonidan ko‘rilayotgan choralar kasallik yuqishi ehtimolini har tomonlama kamaytirish va virusli infeksiya tarqalishini jilovlashga qaratilgan.
Tibbiyot qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, davlat qancha mablag‘ ajratmasin, agar odamlar shifokorlar tavsiyalariga amal qilmasa, karantin qoidalariga rioya etmasa, barcha choralarimiz, pandemiyaga qarshi kurashayotgan yuz minglab fidoyi fuqarolarimizning mehnati behuda ketadi.
Ayrim hududlar rahbarlari hali biror marta fuqarolarga murojaat bilan chiqmagan va aholi o‘rtasida yuzaga kelgan vaziyatni tushuntirish bo‘yicha choralar ko‘rmayapti. Mahalliy telekanallar, gazeta va jurnallarda tegishli ishlar lozim darajada tashkil etilmayapti.
Viloyatlar, tumanlar va shaharlar, 4 ta sektor rahbarlarini epidemiologik osoyishtalik uchun shaxsiy javobgarliklari borasida qat’iy ogohlantiraman. Sizlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, karantin tartibini buzishning barcha salbiy oqibatlarini aholi o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha kechayu kunduz ishlashingiz kerak.
Fuqarolar yig‘inlari faoliyatidan ko‘plab e’tirozlarim bor. Joylarda mahalla faollarining roli sezilmayapti. Mahalla raislarining ko‘z o‘ngida ayrimlar ko‘plab odamlar ishtirokida dabdabali marosim va tadbirlar o‘tkazishda davom etmoqda.
Masalan, Farg‘ona viloyati Yozyovon tumanidagi “Beruniy” mahallasida yashovchi bir ayol umra safaridan qaytib, uy karantini talablarini qo‘pol ravishda buzgan holda, ertasi kuni 120 kishini taklif qilib, dabdabali tadbir o‘tkazgan. Natijada, infeksiya undan tashqari uning oilasining 4 nafar a’zosida ham aniqlandi. Yana qancha odam kasallikni yuqtirgani hozircha noma’lum.
Shu bois parlament tomonidan qabul qilingan karantin qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish to‘g‘risidagi qonunni imzoladim. Unga muvofiq, karantin sharoitida atrofdagilarning salomatligi va hayotini xavf ostiga qo‘ygan shaxslar endilikda 10 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Ichki ishlar vazirligi, Milliy gvardiya, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati qonun ustuvorligini va jazoning muqarrarligini qat’iy ta’minlashi shart.
Ishonchim komilki, oila a’zolari, farzandlari salomatligini, mamlakatdagi tinchlik va osoyishtalikni hamma narsadan ustun qo‘yadigan dono xalqimiz bunday vaziyatga tushishni istamaydi.
Koronavirus pandemiyasi – butun insoniyatga Yaratgan tomonidan yuborilgan sinovdir. Agar xalqimiz jipslashsa, barcha tavsiyalar va shifokorlar ko‘rsatmalariga amal qilsa, karantin davrida hayotiy zaruratsiz uyidan chiqmasa, kasallikning dastlabki belgilari paydo bo‘lishi bilan bu holatni yashirmasdan, o‘z vaqtida shifokorlarga murojaat qilsa, biz bu kasallikni albatta yengamiz!
Koronavirusga qarshi kurashdagi “jang maydoni”da birinchi zarbani tibbiyot xodimlari qabul qilmoqda. Bir oddiy haqiqatni tan olish adolatdan bo‘ladi. Bemorlarga o‘z vaqtida yordam ko‘rsatilsa, ular davolanib, shifoxonadan chiqariladi. Ammo tibbiyot xodimlari oxirgi bemor tuzalmaguncha o‘z ish joylarini tark eta olmaydi.
Butun dunyo shifokorlari, jumladan, mamlakatimiz tibbiyot xodimlari ham o‘z kasbiga sadoqat ko‘rsatib, xalqimiz, ota-onalarimiz va farzandlarimiz salomatligi yo‘lida kechayu kunduz mehnat qilmoqda. Bu barchamiz uchun jasorat namunasidir.
Shu bois fuqarolar hayoti va salomatligini muhofaza qilish yo‘lidagi ulkan hissasi, fidoyiligini e’tirof etgan holda, koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashga jalb etilgan tibbiyot xodimlari, sanitariya-epidemiologiya va boshqa xizmatlar xodimlarini qo‘shimcha ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida alohida qaror imzoladim.
Karantin davrida koronavirus bilan kasallangan bemorlar bilan bevosita muloqot qilayotgan, infeksiya yuqtirganlar joylashtirilgan obyektlarda faoliyat yuritayotgan shifokorlar va epidemiologlarga har oy 25 million so‘mdan, hamshira va laborantlarga 15 million so‘mdan, sanitariya xodimlariga 10 million so‘mdan, boshqa xodimlarga esa 5 million so‘mdan rag‘batlantirish to‘lovlari beriladi.
Bundan tashqari, infeksiya yuqtirgan bemorlar bilan ishlash jarayonida koronavirusni yuqtirib olgan tibbiyot xodimlariga alohida 100 million so‘mdan to‘lanadi.
Sog‘liqni saqlash tizimining har bir xodimiga alohida e’tibor qaratish, koronavirus bilan kasallangan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan tibbiyot xodimlarini karantinga joylashtirishda munosib sharoitlar yaratish zarur.
O‘zbekiston xalqining nomidan pandemiyaga qarshi o‘z hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib kurashayotgan muhtaram shifokorlar, hamshiralar va sanitarlarga cheksiz minnatdorlik bildiraman, – dedi davlat rahbari.