- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 11
- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 11
- Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi 10
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 10
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 10
BMT Bosh kotibi hukumatlarni oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashni kuchaytirishga chaqirdi. Antonio Guterrish butun jahon hamjamiyatining e’tiborini COVID-19 keltirib chiqargan yangi ijtimoiy muammoga – kasallanganlar soni bilan bir qatorda maishiy zo‘ravonlik holatlarining ko‘payishiga qaratdi.
BMT Bosh kotibi: Oiladagi zo‘ravonlikka qarshi kurashni kuchaytirish zarur
Zo‘ravonlik holatlari shu qadar keskin oshdiki, bu BMT Bosh kotibini o‘z uyida tajovuzkor sherigi bilan yolg‘iz qolib, go‘yoki tuzoqqa tushib qolgan ayollarni himoya qilishga chaqirishga undadi.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayol oiladagi zo‘ravonlikning u yoki bu shakliga duch keladi. Bu esa mazkur jinoyatni inson huquqlari buzilishining eng ko‘p uchraydigan, biroq eng kam hujjatlashtirilgan turlaridan biriga aylantiradi. Ayni paytda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida amal qilayotgan karantin va majburiy o‘zini o‘zi yakkalash rejimi bu muammoni yanada kuchaytirdi.
«So‘nggi haftalarda iqtisodiy va ijtimoiy bosim hamda qo‘rquv kuchayib borayotgan bir paytda, biz oiladagi zo‘ravonlikning dahshatli global avj olishiga guvoh bo‘lmoqdamiz», — degan mazmundagi BMT Bosh kotibining bayonoti tashkilot saytida e’lon qilindi.
Guterrish koronavirus tarqalishiga qarshi kurashish maqsadida ko‘plab mamlakatlarda joriy etilgan karantin va o‘zini o‘zi yakkalash sharoitida oiladagi zo‘ravonlik holatlari soni bir necha barobar oshganini ta’kidladi.
Qutqaruv xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, 1-aprel holatiga Yevropa va Osiyoda oiladagi zo‘ravonlik qurbonlaridan ishonch telefonlariga kelib tushgan murojaatlar hamda tajovuzkorlik holatlari keskin ko‘paygan. Jumladan, Fransiyada 30 foizga, Xitoyda uch barobar, Buyuk Britaniyada 20 foizga oshgan. Avstraliya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, koronavirus avj olgan davrda zo‘ravonlik qurbonlarining yordam so‘rab murojaatlari soni 75 foizga ko‘paygan.
Oiladagi zo‘ravonlik qurbonlariga yordam berish maqsadida Fransiya, Italiya va Ispaniya hukumatlari jabrlanganlarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etdi. Endilikda zo‘ravonlik qurbonlari dorixonaga borib, himoya so‘rashlari mumkin. Agar biror sababga ko‘ra buni ochiq ayta olmasalar, «Maska 19» kodli so‘zini aytishlari kerak.
Italiyaning tegishli xizmatlari WhatsApp va SMS orqali kelib tushadigan xabarlarni qayta ishlash tizimini takomillashtirdi. Chunki tajovuzkor sheriklari bilan bir joyda qamalib qolgan ko‘plab ayollar o‘z muammolari haqida telefon orqali xabar berishda qiynalmoqda.
Fransiya hukumati oiladagi zo‘ravonlik qurbonlari uchun mehmonxonalarda 20 ming tunash xarajatini to‘lashini va supermarketlarda vaqtinchalik maslahat markazlarini ochishini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniyada esa o‘z ishining xususiyatiga ko‘ra uyma-uy yurishni davom ettirayotgan pochta va yetkazib berish xizmati xodimlariga qo‘rquvga tushgan ayollar hamda tajovuzkor erkaklarga diqqat bilan e’tibor qaratish topshirildi. Karantin qoidalarini buzganlik uchun jarimalar belgilovchi Britaniya qonunida eng qat’iy izolyatsiya rejimini «jarohat yoki kasallikdan qochish yoxud zarar yetkazilishi xavfining oldini olish» maqsadida tark etishga ruxsat berilishi qayd etilgan. Bu oiladagi zo‘ravonlikdan qochayotgan insonlarga izolyatsiya qoidalarini buzganlik uchun politsiya ta’qibiga uchramasliklariga hech bo‘lmaganda kafolat berdi.
Shu munosabat bilan BMT Bosh kotibi mamlakatlarni koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha milliy rejalariga ayollarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish va sodir etilgan jinoyatlar uchun jazo belgilashga oid qoidalarni ustuvor yo‘nalish sifatida kiritishga chaqirdi. Shuningdek, u zo‘ravonlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlovchi notijorat tashkilotlarini moliyalashtirishni ko‘paytirish, dorixonalar va oziq-ovqat do‘konlarida tahdid haqida shoshilinch xabar berish tizimlarini joriy etish hamda boshpanalarni hayotiy muhim obyektlar qatoriga kiritishni taklif qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markazi matbuot xizmati