Banklar faoliyatining barqarorligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9-aprel kuni koronavirus pandemiyasi sharoitida milliy iqtisodiyotning moliyaviy tayanchi sifatida bank tizimining barqaror ishlashini ta’minlash masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda aholini, iqtisodiyot tarmoqlarini va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Davlatimiz rahbarining joriy yil 19-mart va 3-apreldagi farmonlari bilan ushbu yo‘nalishda ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar belgilangan.

Xususan, tadbirkorlar va aholining jami 19,5 trillion so‘mlik kreditlari bo‘yicha foizlarni to‘lash muddati 1-oktabrgacha kechiktiriladi. Albatta, bu karantin davrida ular uchun katta ko‘mak bo‘ladi. Biroq ayni sharoitda moliya-kredit tashkilotlariga kelib tushadigan mablag‘lar hajmi kamayishini ham hisobga olish lozim.

Shu munosabat bilan yig‘ilishda banklarning barqaror faoliyatini ta’minlash, ish o‘rinlari va aholi daromadlarini saqlab qolish masalalari muhokama qilindi.

Jahon iqtisodiyotida yuzaga kelayotgan inqirozli holatlarni hisobga olgan holda, banklar loyihalari portfelini tanqidiy qayta ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. Boshqacha aytganda, amalga oshirilishi hali boshlanmagan uzoq muddatli loyihalarni aniqlash va ularning o‘rniga joriy yilning o‘zidayoq natija bera boshlaydigan yangi loyihalarni kiritish zarur.

Banklarga kichik biznes subyektlariga ish o‘rinlarini yaratish va uy sharoitida o‘zini o‘zi band qilishni rag‘batlantirish uchun mablag‘larni ustuvor ravishda yo‘naltirish tavsiya etildi.

Joriy yilda bandlikni ta’minlash dasturlarini moliyalashtirish uchun Agrobank, Xalq banki va Mikrokreditbank orqali 4 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, Inqirozga qarshi jamg‘arma orqali Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasiga 500 milliard so‘m ajratiladi.

Ushbu mablag‘lar ko‘plab yangi loyihalarga turtki beradi. Prezident oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladigan, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, kichik biznes va tadbirkorlik sohalaridagi loyihalarga ustuvor ahamiyat berish lozimligini ta’kidladi.

Karantin sharoitida ham agrar ishlar davom etayotganini hisobga olib, qishloq xo‘jaligining tegishli tarmoqlariga biriktirilgan tijorat banklari ushbu yo‘nalishdagi loyihalar portfelini kengaytirishi lozimligi ta’kidlandi.

Ma’lumki, o‘tgan hafta 24 ta bank tashabbus ko‘rsatib, jismoniy shaxslar uchun kredit ta’tillari e’lon qildi. Bugungi yig‘ilishda banklar tomonidan aholining ishonchi va hurmatini mustahkamlashga yordam beradigan shunga o‘xshash boshqa qarorlarni ham qabul qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Jumladan, muddati tugagan omonatlarni uzaytirish va bu haqda ommaviy axborot vositalarida e’lon berish juda foydali bo‘lishi ta’kidlandi.

Karantin tugaganidan so‘ng ko‘plab korxonalarga faoliyatini tiklash uchun ancha vaqt va mablag‘ talab etiladi. Shu munosabat bilan Markaziy bankka ishlab chiqarish korxonalarining aylanma mablag‘larini to‘ldirish va ularning faoliyatini davom ettirishlari uchun banklar orqali 30 trillion so‘m ajratilishini ta’minlash topshirildi. Zarurat tug‘ilgan taqdirda, korxonalarga xodimlarning ish haqini to‘lash uchun ham kreditlar ajratishni yo‘lga qo‘yish lozimligi qayd etildi.

Masofaviy xizmatlar turlari va qamrovini kengaytirish bo‘yicha ham vazifalar belgilandi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda soha mas’ullari va tijorat banklari rahbarlari muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot berdilar.

| 6 10.04.2020



×
Portal xaritasi