- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 11
- Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi 10
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 10
- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 10
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 10
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 28-iyul kuni hududlarda koronavirus bilan bog‘liq murakkab vaziyatni barqarorlashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Shavkat Mirziyoyev: bemorlarni davolash bilan birga, iqtisodiyotni ham rivojlantirishimiz kerak
COVID-19 butun dunyo bo‘ylab tarqalishda davom etmoqda. Mamlakatimizda kasallik yuqtirganlar soni 21,7 ming nafarga yetdi, so‘nggi besh kun ichida esa bu ko‘rsatkich 3 ming nafarga oshdi.
Xususan, Toshkent viloyatida 347 ta, Qashqadaryo viloyatida 193 ta, Surxondaryo viloyatida 130 ta, Samarqand viloyatida 123 ta, Sirdaryo viloyatida 83 ta va Andijon viloyatida 79 ta yangi holat aniqlandi. Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Namangan, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘istonda pnevmoniya bilan kasallanish holatlari sezilarli darajada ko‘paydi.
Avvalroq Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, karantin cheklovlari muddati 15-avgustga qadar uzaytirilgan edi. Shu bilan birga, yuzaga kelgan vaziyat koronavirusga qarshi kurashni yanada kuchaytirishni taqozo etmoqda.
Yig‘ilishda hududlardagi dolzarb muammolar muhokama qilinib, qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Respublika maxsus komissiyasiga joylarda epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish hamda bemorlarni davolashda amaliy yordam ko‘rsatish uchun har bir hududga maxsus guruhlarni shakllantirish va yuborish topshirildi.
Ushbu guruhlarga mas’ul idoralar, ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rahbarlari hamda mutaxassislari, shuningdek, nafaqadagi tajribali shifokorlar jalb etiladi. Guruhlar hududlarda aholini erta va aniq tashxislash, bemorlarga kasallik darajasiga qarab to‘g‘ri va malakali davolash yordamini ko‘rsatishga ko‘maklashadi.
Hokimliklarga koronavirus bilan kasallanganlar uchun ixtisoslashtirilgan shifoxonalar tashkil etish, intensiv terapiya va reanimatsiya o‘rinlari sonini ko‘paytirish, ularni zarur tibbiy uskunalar va dori-darmonlar bilan jihozlash topshirildi. Toshkent shahri tajribasi asosida koronavirus infeksiyasi va pnevmoniya bilan kasallanganlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun “maxsus poliklinikalar” tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.
Davlat rahbari og‘ir ahvoldagi bemorlarning holatini yengillashtirishga yordam beradigan tibbiy uskunalar bilan ta’minlash masalasiga ham to‘xtaldi.

So‘nggi ikki hafta ichida qo‘shimcha ravishda 370 ta sun’iy nafas oldirish apparati, 1 041 ta CPAP apparati, 1 164 ta kislorod konsentratori va boshqa uskunalar yetkazib berilib, hududlar o‘rtasida taqsimlandi. Kasallanganlar soni ortishi mumkinligini hisobga olib, Respublika maxsus komissiyasiga joylarga qo‘shimcha tibbiy uskunalar yetkazib berish topshirildi.
Prezidentning 25-iyuldagi “Koronavirus pandemiyasini yumshatish, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va aholi salomatligini muhofaza qilish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tashkil etildi. Bugun ushbu xizmat oldiga virus tarqalishi zanjirini uzish vazifasi qo‘yildi. Faoliyatning muhim yo‘nalishlari qatorida sog‘liqni saqlash tizimi va hokimliklar bilan hamkorlikda bemorlarni davolash hamda ulardan virus yuqish xavfini kamaytirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish belgilandi.
Yig‘ilishda bolalar, homilador ayollar, keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalinganlar salomatligini muntazam monitoring qilish muhimligi ta’kidlandi.
Karantin davrida yordamga muhtoj birorta oila e’tibordan chetda qolmasligi, aholining kam ta’minlangan qatlamlariga moddiy yordam, oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlarni manzilli yetkazib berish tizimi aniq va muvofiqlashtirilgan holda ishlashi zarurligi qayd etildi.
— Hozirgi vaziyatda biz bir vaqtning o‘zida ham bemorlarni davolashimiz, ham iqtisodiyotni rivojlantirishimiz kerak. Shu bois insonlar salomatligini muhofaza qilish bilan bir qatorda, boshqa yo‘nalishlardagi ishlarni ham temir intizom bilan davom ettirishimiz lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hokimlarga hududlardagi haqiqiy vaziyatni hisobga olgan holda aniq choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Niqob taqish va ijtimoiy masofani saqlash qoidalariga qat’iy rioya etish, 65 yoshdan oshgan fuqarolarga esa zarurat bo‘lmasa, uydan chiqmaslik tavsiya etilishining muhimligi ta’kidlandi.
Hokimlar va sektor rahbarlari ham ishtirok etgan videoselektor yig‘ilishida eksport va investitsiyalar, budjetga tushumlarning prognoz ko‘rsatkichlari ijrosi, paxta yetishtirish hamda ekinlarni sug‘orish ishlari ko‘rib chiqildi. Ushbu masalalar yuzasidan mas’ul rahbarlarning hisobotlari tinglandi.

