- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 11
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 10
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 10
- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 10
- Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi 10
Hurmatli Forum ishtirokchilari!
Sizlarning barchangizni “Yoshlar 2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” mavzusidagi Samarqand inson huquqlari forumi ishtirokchilarini qutlash men uchun katta mamnuniyat bag‘ishlaydi. Sizlarni Xalqaro yoshlar kuni bilan samimiy muborakbod etaman.
Ushbu Forumni o‘tkazish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrishga alohida minnatdorlik bildiraman.
Forum ishida Birlashgan Millatlar Tashkiloti, YUNESKO, Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro migratsiya tashkiloti, Parlamentlararo ittifoq, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa hamkorlarimiz vakillari ishtirok etayotgani uchun ularga tashakkur bildiraman.
Aziz do‘stlar!
Ma’lumki, kelajakka intiluvchan yoshlar sayyoramizdagi hayot yanada farovon va obod bo‘lishiga qaratilgan yangi g‘oyalar hamda kreativ yechimlar generatoridir.
BMTning Yoshlar strategiyasida “yoshlar investitsiya kiritishga arziydigan, nihoyatda qimmatli va muhim resurs hisoblanadi, chunki ularga kiritilgan investitsiyalar o‘zini ko‘p karra oqlaydi”, deb ta’kidlangan. Men ushbu muhim qoidaga to‘liq qo‘shilaman.
Joriy yil boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat global kun tartibining markaziy masalasiga aylandi. Yangi turdagi koronavirusning tarqalishi butun dunyoda jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlarga olib keldi. Aholi, ayniqsa, yoshlar davlatlar va xalqaro hamjamiyatdan har tomonlama choralar ko‘rishni talab etadigan ko‘plab muammolarga duch keldi.
Bunday sharoitda yoshlarning ovozi eshitilishi muhim ahamiyatga ega. Ularning dolzarb ehtiyojlarini ta’minlash, huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan milliy, mintaqaviy va global strategiya hamda dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda bevosita ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratish zarur.
Bugungi murakkab vaziyatda yoshlar, jumladan, pandemiya sinovlariga istiqbolli tashabbuslari va ijtimoiy loyihalari bilan munosib javob berayotgani e’tiborga sazovor. Butun dunyoda yosh ko‘ngillilar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, yangi iqtisodiy va gumanitar dasturlarni ilgari surishda faol ishtirok etmoqda.
Hurmatli Forum ishtirokchilari!
Zamonaviy dunyoda intellektual va ma’naviy jihatdan rivojlangan, tashabbuskor yoshlar barqaror taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanmoqda. Bugungi kunda Yangi O‘zbekiston yosh avlodi mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan jadal va keng ko‘lamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi hamda faol ishtirokchisidir.
Aholisining yarmidan ko‘pini yoshlar tashkil etadigan O‘zbekistonda ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi.
So‘nggi yillarning o‘zida yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va uyg‘un rivojlantirish, har bir yoshning jamiyatda munosib o‘rin egallashi uchun qator qonunlar, Prezident farmonlari va qarorlari, Hukumat qarorlari qabul qilindi.
Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari shakllantirildi, Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etildi.
Hozirgi vaqtda “O‘zbekiston yoshlari — 2025” konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda, yoshlar bilan ishlash samaradorligini baholashning yagona mezonlari hamda yoshlar siyosati samaradorligini baholash milliy indeksi joriy etilmoqda.
Bugun insoniyat duch kelayotgan tinchlik va xavfsizlikka tahdidlar, terrorizm va ekstremizm, irqchilik, iqlim o‘zgarishi, shuningdek, COVID-19 pandemiyasi kabi aksariyat muammolarni hal etish uchun muvofiqlashtirilgan global harakatlar va yoshlarning ularni bartaraf etish jarayonlarida faol ishtirok etishi talab etiladi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning qabul qilinishi butun dunyodagi ikki milliarddan ortiq yigit-qizning huquqlarini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, u yosh avlodni ma’rifatli qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning manfaatlarini himoya qilish va o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun sharoit yaratish maqsadida ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus xalqaro jamoatchilik tomonidan keng qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ishonchim komilki, bugungi Forum ishtirokchilari ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, hujjat loyihasini o‘zlarining konstruktiv takliflari bilan boyitadilar.
Bugun o‘z ishini boshlayotgan Samarqand yoshlar forumi tinchlik va farovonlik yo‘lida global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlarini ta’minlashga yosh avlodning yana bir muhim amaliy qadami hamda salmoqli hissasi bo‘ladi, deb umid qilaman.
Barcha Forum ishtirokchilariga samarali ish tilayman.
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti