- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 13
- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 12
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 12
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 11
- Karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilandi. 10
Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasi, Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi hamda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi — Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati Kengashi hamkorligida Oqqo‘rg‘on tumanida qishloq xo‘jaligi sohasi xodimlariga O‘zbekiston tomonidan ratifikatsiya qilingan Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) 105-sonli «Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida»gi Konvensiyasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil hosilidan xom paxta yig‘im-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan «davra suhbati» tashkil etildi.
Tadbirda Parlamentning fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiyasi va Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi a’zolari, Toshkent viloyati Kasaba uyushmalari kengashi xodimlari, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlari deputatlari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari, partiya xodimlari va faollari, shuningdek, ommaviy axborot vositalari muxbirlari ishtirok etdi.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mustaqillik yillarida xalqaro huquq prinsiplari va normalariga muvofiq yaratilgan normativ-huquqiy baza fuqarolarning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
— Milliy qonunchilikda bolalarni mehnatga jalb etish va ularning mehnatidan majburiy foydalanish, xususan, har qanday jazo qo‘llash bilan tahdid qilish orqali yoki mehnat intizomini saqlash vositasi sifatida ish bajarishga majburlash qat’iyan taqiqlangan, — deydi Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi raisi Mavludaxon Xo‘jayeva. — Mehnatga majburlashning har qanday shakli uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslikka oid bir qator konvensiyalarini ratifikatsiya qilgan. Ular qatoriga 105-sonli «Majburiy mehnatni tugatish to‘g‘risida»gi Konvensiya ham kiradi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qaroriga muvofiq tashkil etilgan Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Parlament komissiyasining ushbu yo‘nalishda amalga oshirayotgan ishlari ham alohida ta’kidlandi. Majburiy mehnatning oldini olish maqsadida 2013-yildan buyon paxtachilik sohasida bolalar mehnati va majburiy mehnat bo‘yicha xalqaro hamda milliy monitoring olib borilmoqda. O‘zbekiston hukumati tomonidan izchil amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizda bolalar mehnatiga butunlay barham berildi, majburiy mehnat xavfi esa yildan-yilga kamayib bormoqda. Bu holat bugungi kunda xalqaro hamjamiyat tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
AQSH Mehnat vazirligining 2017-yil uchun bolalar mehnatining nomaqbul shakllari to‘g‘risidagi 2018-yil 20-sentabrda e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston to‘rtinchi o‘rindan ikkinchi o‘ringa ko‘tarilgan. Bu fikr O‘zbekistonning mehnat huquqlarini himoya qilish sohasida «qonunchilikni takomillashtirish, huquqni qo‘llash amaliyoti, sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, hukumat siyosati va ijtimoiy dasturlarga oid ayrim jihatlar bo‘yicha salmoqli choralar ko‘rgan mamlakatlar» toifasiga kiritilgani bilan ham yaqqol tasdiqlanadi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 30-avgustdagi «2018-yil hosilidan xom paxta yig‘im-terimini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori fermer-dehqonlarning mehnatga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirdi. Paxtaning xarid narxi avvalgi yillarga nisbatan qariyb ikki baravar oshirilgani, shuningdek, ushbu mahsulotni yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, budjet va davlat maqsadli jamg‘armalari oldidagi qarzdorligini hisoblangan penya va jarimalar bilan birga to‘lash muddati uch yilga uzaytirilgani iqtisodiy manfaatdorlikni yanada oshiradi. E’tiborlisi, joriy yilda terimchilarga ish haqi har kuni bevosita paxta dalasining o‘zida to‘lanadi. Bu esa ular uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratadi.
Joriy yilgi paxta yig‘im-terimi faqat ixtiyoriylik asosida amalga oshiriladi. Paxta terimini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda aholi bandligiga ko‘maklashish markazlariga murojaat qilish orqali yo‘lga qo‘yiladi. Ko‘ngilli ravishda paxta terimida qatnashish istagini bildirgan fuqarolarga davlat tomonidan transport xizmati, turar joy va bepul ovqatlanish ta’minlanadi.
— Joriy yilgi paxta yig‘im-terimi davrida o‘z xohishiga ko‘ra paxta terimida qatnashishni rejalashtirgan, mehnatga layoqatli 80–100 nafar uyushmagan va vaqtincha band bo‘lmagan fuqarolarni otryadlarga birlashtirgan faol fuqarolarning mehnati munosib rag‘batlantiriladi, — deydi Toshkent viloyati Kasaba uyushmalari kengashi yuriskonsulti Faridun Nafasov. — Paxta yig‘im-terimida ixtiyoriy qatnashish istagini bildirgan fuqarolarning huquq va manfaatlari davlat tomonidan himoya qilinadi, shuningdek, terim davrida ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi.
Ochiq muloqot shaklida o‘tkazilgan «davra suhbati» davomida Qonunchilik palatasi deputatlari va Toshkent viloyati Kasaba uyushmalari kengashi xodimlari ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdilar.