O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori.

O‘zbek tilida

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuni samarali ijro etilishini, davlat buyurtmachilari faoliyatining uzluksizligini ta’minlash, shuningdek, davlat xaridlarini amalga oshirish tartibini tartibga solishni takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuni amal qilishi quyidagi davlat xaridlariga nisbatan tatbiq etilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatga muvofiq davlat xaridlarining strategik subyektlari tomonidan amalga oshiriladigan xaridlar, davlat dasturlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlarida, O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlarida nazarda tutilgan loyihalarni amalga oshirish doirasida tovarlar, ishlar va xizmatlarni xarid qilish bundan mustasno;

  • davlat himoyasiga olingan shaxslarning xavfsizligini, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatini, xavfsizligini va ichki tartibini ta’minlash, shuningdek, davlat sirlariga taalluqli xaridlar;

  • favqulodda vaziyatlarda O‘zbekiston Respublikasi ehtiyojlarini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan tovarlar (ishlar, xizmatlar);

  • donor mamlakatlar, tegishli xalqaro, xorijiy hukumat va nohukumat tashkilotlarining tartib-taomillarida yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostidagi xorijiy kreditlar va xorijiy grantlarni taqdim etish shartlarida tovarlar (ishlar, xizmatlar) xarid qilishning boshqa tartibi belgilangan hollarda;

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlariga saylovlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi referendumlarini tayyorlash va o‘tkazish uchun amalga oshiriladigan xaridlar;

  • sud muhokamalarida ishtirok etish uchun advokat (vakil) tayinlash bilan bog‘liq xaridlar;

  • qonunchilikka muvofiq qat’iy belgilangan narxlar o‘rnatilgan tovarlar (ishlar, xizmatlar).

2. Tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridlari quyidagi tartibda amalga oshirilishi belgilansin:

a) xarid komissiyalari tomonidan baholanadigan eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan:

  • davlat himoyasiga olingan shaxslarning xavfsizligini, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatini, xavfsizligini va ichki tartibini ta’minlash, shuningdek, davlat sirlariga taalluqli hollarda;

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlariga saylovlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi referendumlarini tayyorlash va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha;

b) to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha:

  • favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi ehtiyojlarini ta’minlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan davlat xaridlari sohasidagi vakolatli organ bilan kelishilgan holda tasdiqlanadigan ro‘yxatlar bo‘yicha;

  • tovarlar (ishlar, xizmatlar) davlat xaridlari sud muhokamalarida ishtirok etish uchun advokat (vakil) tayinlash bilan bog‘liq bo‘lsa;

  • tovarlar (ishlar, xizmatlar) uchun qonunchilikka muvofiq qat’iy belgilangan narxlar o‘rnatilgan bo‘lsa.

3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi, Hisob palatasi va Moliya vazirligining davlat buyurtmachilari tomonidan ilovaga muvofiq ro‘yxatdagi tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilish, shartnoma tuzilgan kundan e’tiboran uch kundan kechiktirmay ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni davlat xaridlarining maxsus axborot portaliga joylashtirish tartibini belgilash haqidagi takliflariga rozilik berilsin.

4. Davlat buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlarining maxsus axborot portalida quyidagilar joylashtirilishi belgilansin:

  • boshlang‘ich narxni pasaytirish bo‘yicha auksion o‘tkazilishi haqidagi e’lon — auksion o‘tkazilishidan kamida besh kun oldin;

  • tanlov o‘tkazilishi haqidagi e’lon — tanlov ishtirokchilaridan takliflarni qabul qilish muddati tugashidan kamida o‘n kun oldin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Moliya vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi hamda boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda davlat xaridlari sohasidagi huquqni qo‘llash amaliyotini muntazam tahlil qilib borsin, davlat xaridlarining sifatli va uzluksiz amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotgan muammolarni aniqlasin hamda ularni bartaraf etish choralarini ko‘rsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligiga:

  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda davlat xaridlarining sifatli va uzluksiz amalga oshirilishini ta’minlash, davlat buyurtmachilari uchun qulayliklar yaratish, huquqni qo‘llash amaliyotidagi, shu jumladan, joylardagi kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida davlat xaridlarining maxsus axborot portali funksionalini takomillashtirish choralarini ko‘rish;

  • davlat buyurtmachilari xodimlari ishtirokida davlat xaridlari sohasida seminar-treninglar, mahorat darslari va boshqa o‘quv tadbirlarini o‘tkazish;

  • ikki oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi apparati, Davlat xavfsizlik xizmati hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda davlat himoyasiga olingan shaxslarning xavfsizligini, O‘zbekiston Respublikasining mudofaa qobiliyatini, xavfsizligini va ichki tartibini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan, shuningdek, davlat sirlariga taalluqli tovarlar (ishlar, xizmatlar) ro‘yxatlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat loyihasini kiritishni ta’minlash;

  • ikki oy muddatda mazkur qaror talablari, shuningdek, huquqni qo‘llash amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolarni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasining «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi Qonuni loyihasini tayyorlash va belgilangan tartibda kiritish;

  • bir oy muddatda xarid komissiyalari faoliyatini tashkil etish va eng yaxshi takliflarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqish va belgilangan tartibda tasdiqlash vazifalari yuklansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi bilan birgalikda mazkur qarorning 2 va 3-bandlariga muvofiq xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) narxlarining shakllanishi ustidan nazoratni ta’minlasin.

8. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni mazkur qarorga muvofiqlashtirsin.

9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Mahmudov va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M. Ikramov zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2018-yil 27-sentabr.

| 6 26.09.2018



×
Portal xaritasi