O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi davlatlari rahbarlari kengashi majlisidagi nutqi

Hurmatli Emomali Sharipovich!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Uchrashuvimizning barcha ishtirokchilarini samimiy qutlashga hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti, hurmatli Emomali Sharipovich Rahmonga an’anaviy samimiy mehmondo‘stlik va ushbu majlisni yuksak saviyada tashkil etgani uchun minnatdorlik bildirishga ijozat bergaysiz.

Tojikistonlik do‘stlarimiz MDHga raislik qilgan davrda birlashmamiz doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida samarali ishlarni amalga oshirganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Hurmatli hamkasblar!

Dunyoda yuz berayotgan jadal o‘zgarishlar, global muammo va tahdidlarning kuchayishi fonida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash uchun muhim platforma sifatida o‘zining dolzarbligini namoyon etmoqda.

O‘tgan yil mamlakatimizning MDH doirasidagi faoliyatida mutlaqo yangi bosqichning boshlanishi bo‘lganini alohida ta’kidlashni muhim deb hisoblayman.

O‘zbekiston iqtisodiyot, energetika, fan va innovatsiyalar, jinoyatchilikka qarshi kurash kabi sohalarni qamrab olgan tarmoq hamkorligi organlarining 10 dan ortig‘iga qo‘shildi.

Tashkilotimizning navbatdagi sammitini 2020-yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor ekanimizni tasdiqlaymiz.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Ko‘p tomonlama hamkorligimizning eng dolzarb va istiqbolli yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchidan. Jahon iqtisodiyotidagi murakkab jarayonlar, «savdo urushlari»ning keskinlashuvi va proteksionizmning kuchayishi sharoitida MDH erkin savdo hududining to‘laqonli faoliyat yuritishi hamda o‘zaro bozorlarni shakllantirish asosiy masalalarga aylanishi lozim.

Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonning Hamdo‘stlikning aksariyat mamlakatlari bilan savdo hajmi sezilarli darajada oshdi.

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmining yuqori sur’atlarda o‘sishini ta’minlash uchun bojxona tartib-taomillarini imkon qadar soddalashtirish, savdodagi barcha mavjud istisno va cheklovlarni, jumladan, texnik to‘siqlarni bartaraf etish zarur, deb hisoblaymiz.

Hamdo‘stlik hududida xizmatlar erkin savdosi zonasini imkon qadar tezroq tashkil etishni muhim deb bilamiz.

Ikkinchidan. O‘zbekiston mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, to‘qimachilik, farmatsevtika sanoati hamda qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiyani yanada kuchaytirish tarafdoridir.

Biz Hamdo‘stlikning barcha mamlakatlari bilan bunday hamkorlikni faol rivojlantirmoqdamiz.

Qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini shakllantirish maqsadida O‘zbekistonda MDH Moliya-bank forumini o‘tkazishga tayyormiz.

Uchinchidan. Xalqaro va mintaqaviy transport yo‘laklaridan samarali foydalanishga qaratilgan ishlarimizni davom ettirish muhim. Bunda tarif imtiyozlarini o‘zaro taqdim etishning yagona mexanizmini joriy etish, talablarni birxillashtirish, transportning barcha turlarida yuk tashish jarayonidagi turli to‘siqlarni bartaraf etish va logistika markazlarini rivojlantirish zarur.

To‘rtinchidan. Bizning fikrimizcha, qishloq xo‘jaligi sohasidagi samarali hamkorlikka mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishda «yashil yo‘laklar»ni keng joriy etish xizmat qiladi.

Agrosanoat majmuasi masalalari bo‘yicha kengash va MDHning qishloq xo‘jaligi sohasidagi boshqa tuzilmalari faoliyatini faollashtirish zarur, deb hisoblaymiz.

Beshinchidan. Hamdo‘stlik mamlakatlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining ortib borayotgan rolini hisobga olib, MDH doirasida uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish dasturining ishlab chiqilishi va qabul qilinishini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida, moliya sektorida ilg‘or raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarni davlat-xususiy sheriklik asosida birgalikda ilgari surishimiz, shuningdek, aholimiz va tadbirkorlik subyektlarining qulay elektron xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishimiz mumkin.

Oltinchidan. Mintaqalararo va chegaraoldi hamkorlikni kengaytirish muhim yo‘nalish hisoblanadi.

2020-yilda O‘zbekistonda MDH hududlari forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

Yettinchidan. Fashizm ustidan qozonilgan umumiy G‘alabamizning 75 yilligini keng nishonlash bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni amalga oshirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.

Ushbu masala O‘zbekistonning 2020-yilda MDHga raislik qilish konsepsiyasida alohida aks ettiriladi.

Sakkizinchidan. Mamlakatlarimiz barqaror rivojlanishining asosiy sharti xavfsizlikni ta’minlash va yuzaga kelayotgan tahdidlarga o‘z vaqtida javob qaytarishdan iborat.

Afg‘onistonda davom etayotgan qurolli mojaro Hamdo‘stlikning aksariyat mamlakatlari uchun umumiy tahdid bo‘lib qolmoqda.

MDH Afg‘oniston muammosini imkon qadar tezroq siyosiy yo‘l bilan hal etishga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarda muhim rol o‘ynashi mumkin.

Xalqaro terrorizm tahdidining kuchayib borayotgani jiddiy tashvish uyg‘otmoqda.

Zamonaviy terroristik tuzilmalar katta moliyaviy resurslarga, eng yangi axborot va texnik vositalarga ega bo‘lib, yuqori harakatchanlik va tezkorlik bilan ajralib turadi.

Shu bilan birga, ularning Yaqin Sharqdan Afg‘onistonga, MDH chegaralariga tomon siljishi tendensiyasi kuchaymoqda.

Mamlakatlarimiz terrorizm tahdidini o‘z vaqtida va samarali bartaraf etish uchun, eng avvalo, profilaktik xususiyatga ega bo‘lgan muvofiqlashtirilgan harakatlarga tayyor bo‘lishi lozim.

MDH hududida xavfsizlikka yuzaga kelayotgan tahdidlarning oldini olish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarimiz va maxsus xizmatlarimiz faoliyatini muvofiqlashtirishni kuchaytirish, amaldagi mexanizmlar doirasida tahliliy va tezkor axborotlarni muntazam almashish bo‘yicha samarali hamkorlikni ta’minlash muhim, deb hisoblaymiz.

Yoshlar muhitida radikallashuv muammosi doimo e’tiborimiz markazida bo‘lishi lozim. Shu munosabat bilan ta’lim, ma’rifat, yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish, o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish zarur.

O‘zbekiston MDHga a’zo davlatlar Yoshlar ishlari bo‘yicha kengashiga qo‘shiladi va uning faoliyatida faol ishtirok etishni maqsad qilgan.

To‘qqizinchidan. Madaniy-gumanitar aloqalar va ma’naviy qadriyatlar Hamdo‘stlik mamlakatlarini birlashtiruvchi muhim kuch bo‘lib kelgan.

Aynan shu bois mamlakatlarimizda navbatma-navbat har yili turistik yarmarkalar va MDH madaniyat kunlarini o‘tkazish, Hamdo‘stlik ijodkor yoshlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etish, har bir tadbirni muayyan mavzuga bag‘ishlash, shuningdek, MDH davlatlari madaniy merosining virtual muzeyini yaratishni taklif etamiz.

Hurmatli uchrashuv ishtirokchilari!

So‘zim yakunida turkmanistonlik do‘stlarimizni Hamdo‘stlikka raislikni qabul qilib olganlari bilan tabriklashga va ularga katta muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.

Hurmatli Emomali Sharipovich Rahmonga samimiy qabul va sammitimizni a’lo darajada tashkil etgani uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

| 7 29.09.2018



×
Portal xaritasi