Tadbirkorlikni himoya qilish sohasida qanday muammolar mavjud?

2018-yil 2-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda «Tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish, investitsiya muhitini va ishbilarmonlik iqlimini yaxshilash, O‘zbekistonda tadbirkorlikni rivojlantirishning dolzarb muammolari» mavzusida konferensiya o‘tkazdi.

Tadbirkorlikni himoya qilish sohasida qanday muammolar mavjud?

Tadbirda deputatlar, Vazirlar Mahkamasining mas’ul vakillari, Savdo-sanoat palatasi, qo‘mitalar va idoralar vakillari, ekspertlar, olimlar hamda ommaviy axborot vositalari muxbirlari ishtirok etdi.

Ta’kidlanganidek, bugungi kunda asosiy e’tibor 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga, davlat va biznes hamjamiyati o‘rtasida samarali muloqot hamda sog‘lom hamkorlik mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishga, xususiy mulk va tadbirkorlik subyektlarining huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilmoqda.

Shuningdek, biznes muhitini takomillashtirish masalalari bo‘yicha tadbirkorlarni dolzarb axborot bilan muntazam ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarning amaliy samaradorligini oshirish, aholiga o‘z biznesini tashkil etish va yuritishda har tomonlama ko‘maklashish hamda tadbirkorlik subyektlariga sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish muhim ahamiyatga ega.

So‘nggi ikki yil davomida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, xususiy mulkni himoya qilish va uning daxlsizligi kafolatlarining huquqiy mexanizmlarini yanada mustahkamlash, ushbu sohadagi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, shuningdek, investitsiya muhiti va ishbilarmonlik iqlimini yaxshilash bo‘yicha tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu faoliyat natijalari nafaqat xalq va davlat hayotida, balki reyting agentliklari hamda yetakchi xalqaro moliya tashkilotlarining baholarida ham o‘z aksini topmoqda. Xususan, Jahon bankining «Doing Business – 2018» hisobotida O‘zbekiston tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish bo‘yicha islohotlarni amalga oshirayotgan eng ilg‘or o‘nta davlat qatoridan joy oldi. Bu esa yuqoridagi fikrlarning tasdig‘idir.

Albatta, bunday natijalarga o‘z-o‘zidan erishilmagan. Konferensiya ishtirokchilari alohida ta’kidlaganidek, mamlakatni rivojlantirish va xalq farovonligini ta’minlashning muhim yo‘li tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, aholiga biznes yuritishni o‘rgatish va investitsiya muhitini yaxshilash bilan bog‘liq. Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining bir qator farmon va qarorlari qabul qilinib, ular asosida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davlat tomonidan tadbirkorlik subyektlariga turli imtiyoz va preferensiyalar berilmoqda, ularning faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining «Savdo-sanoat palatasi to‘g‘risida»gi Qonunining yangi tahrirda qabul qilinishi ham tadbirkorlarning tashabbuslarini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, hukumat, boshqaruv organlari va boshqa tashkilotlar bilan biznes hamjamiyati o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlarining qonuniy huquqlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, ishbilarmonlik muhiti va investitsiya muhitini yaxshilashga har tomonlama ko‘maklashish hamda tadbirkorlik subyektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ayniqsa, ushbu sohadagi muhim yangiliklardan biri 2018-yil 29-iyunda Prezident farmoni bilan Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasining tasdiqlanishi bo‘ldi. Konsepsiyaga muvofiq, 2019-yil 1-yanvardan boshlab barcha jismoniy shaxslarning daromadlariga solinadigan soliqning yagona stavkasi 12 foiz etib belgilandi. Ushbu summaning 0,1 foizi fuqarolarning shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga yo‘naltiriladi. Bundan tashqari, fuqarolarning ijtimoiy ajratmalari bekor qilindi. Biznes uchun yagona ijtimoiy to‘lov stavkasi 15 foizdan 12 foizga tushirildi. Yuridik shaxslarning aylanmasi (tushumi)dan davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar bekor qilindi. Yuridik shaxslar foydasiga solinadigan soliq stavkasi 14 foizdan 12 foizga kamaytirildi.

Tahlilchilarning ta’kidlashicha, qabul qilingan chora-tadbirlar O‘zbekistonda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaxshilash hamda tadbirkorlar huquqlarini himoya qilish uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Konferensiya davomida erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, ushbu sohada hal etilishi lozim bo‘lgan bir qator muammolar va kamchiliklar ham tahlil qilindi. Ularni bartaraf etish yuzasidan mutaxassislar, ekspertlar va tadbirkorlarning fikrlari tinglandi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha tegishli tavsiya va takliflarni o‘z ichiga olgan hujjat ishlab chiqildi.

| 6 02.10.2018



×
Portal xaritasi