- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 13
- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 12
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 12
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 11
- Karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish choralari belgilandi. 10
2018-yil 2-oktabr kuni Senatda Oliy Majlis Senati Raisining o‘rinbosari S. Artikovaning Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar global alyansi (GANHRI) delegatsiyasi bilan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili faoliyati salohiyatini o‘rganish yuzasidan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida delegatsiya a’zolariga beshta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish hamda qonun ijodkorligi va huquqni qo‘llash amaliyoti, shuningdek, ma’rifiy faoliyat sohalarida parlament nazoratini amalga oshirish nuqtayi nazaridan Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishdagi roli haqida ma’lumot berildi.
GANHRI vakillari O‘zbekistondagi Ombudsman institutining o‘ziga xosligini ta’kidlab, uning salohiyatini oshirish hamda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari uchun namuna sifatida inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini davom ettirish zarurligini qayd etdilar.
Ma’lumki, GANHRI — Shveytsariyada yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro notijorat tashkilotdir. 2016-yilgacha u Inson huquqlari bo‘yicha milliy muassasalarning Xalqaro muvofiqlashtiruvchi qo‘mitasi deb atalgan. Mazkur qo‘mita 1993-yilda Tunisda BMT homiyligida o‘tkazilgan xalqaro konferensiya yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan.
GANHRI akkreditatsiyasi va a’zoligi BMT hujjatlariga muvofiq milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasasi (MIHHM) faoliyatining xalqaro miqyosda e’tirof etilishi shakli hisoblanadi.
Alyansning maqsadi — milliy inson huquqlarini himoya qilish muassasalarining BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan hamkorligini mustahkamlash, ularning BMTning Parij prinsiplari talablariga muvofiqligini baholash, shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha kengash va BMT shartnomaviy organlarining tadbirlari hamda majlislarida ishtirok etishiga ko‘maklashishdan iborat.
Uchrashuv yakunida GANHRI delegatsiyasi Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili faoliyatiga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati