Sog‘liqni saqlash vazirligi Jizzaxda koronavirus tarqalishi haqidagi ma’lumotni rad etdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jizzaxda koronavirusga shubha bilan 20 dan ortiq kishi viloyat shifoxonasiga yotqizilgani, ulardan biri vafot etgani haqidagi ma’lumotni rad etdi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi Jizzaxda koronavirus tarqalgani haqidagi xabarlarni rad etdi

Xitoydagi vaziyatni inobatga olgan holda, joriy yilning yanvar oyidan boshlab mamlakat bojxona chegarasini kesib o‘tayotgan fuqarolar sanitariya-nazorat punktlarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Hududiy tibbiyot muassasalarida faoliyat yuritayotgan shifokorlar koronavirus, gripp va o‘tkir respirator kasalliklarga nisbatan yanada hushyorlik bilan yondashmoqda. Bugungi kunga qadar koronavirus bilan kasallanganlar aniqlanmagan.

Ta’kidlash joizki, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar mamlakatda koronavirusning oldini olish va uning tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda. Tibbiyot muassasalarida ushbu kasallikni erta aniqlash va davolash uchun barcha sharoitlar yaratilgan.

Hududiy sanitariya-epidemiologik nazorat markazi gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar bilan kasallanganlar haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib bormoqda. Mavsumiy yuqumli kasalliklar tashxisi qo‘yilgan fuqarolar mutaxassislar nazoratida bo‘lib, ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.

Koronavirus infeksiyasi va u bilan bog‘liq holatlar yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligining Sanitariya-epidemiologiya boshqarmasiga (71) 276-46-65, (71) 276-49-66 telefon raqamlari orqali murojaat qilish mumkin.

| 8 29.01.2020



×
Portal xaritasi