Toshkent xalqaro investitsiya forumi yuqori tashkiliy saviyada o‘tkaziladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-yanvar kuni Toshkent xalqaro investitsiya forumini tashkil etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda investitsiya muhiti sezilarli darajada yaxshilandi. Sohaga oid qonunchilik bazasi yangilandi, investorlar uchun huquqiy kafolatlar mustahkamlandi.

O‘tgan yili – Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yilida investitsiyalar oqimi sezilarli darajada oshdi. Jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 4,2 milliard AQSH dollarini tashkil etdi. Bu 2018-yil ko‘rsatkichlariga nisbatan 3,1 milliard dollarga yoki 3,7 baravarga ko‘pdir.

Davlatimiz rahbari o‘tgan haftada Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida iqtisodiyotni yuqori sur’atlarda rivojlantirish maqsadida faol investitsiya siyosati izchil davom ettirilishini ta’kidladi. 2020-yilda o‘zlashtiriladigan investitsiyalarning salmoqli qismini to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar tashkil etadi.

Xususan, joriy yilda mamlakatimiz iqtisodiyotiga 5,8 milliard dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish rejalashtirilgan. Shu maqsadda mart oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi o‘tkaziladi.

Forumning asosiy maqsadi – iqtisodiyotning drayver tarmoqlari, ya’ni energetika, mashinasozlik, elektrotexnika, axborot texnologiyalari sohasi, to‘qimachilik sanoati, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, qurilish industriyasi, shuningdek, mamlakatimiz hududlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish.

Yig‘ilishda ushbu tadbirni yuqori tashkiliy saviyada o‘tkazish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga, xususan, hududlar rahbarlari bilan birgalikda xorijiy investorlarga taklif etiladigan istiqbolli loyihalar bo‘yicha taqdimot materiallarini tayyorlash topshirildi.

Hududiy dasturlarni amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilar va xorijiy investorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.

Tashqi ishlar vazirligiga forumga yetakchi xorijiy kompaniyalar, xalqaro moliya tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillarini taklif etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Tadbirlar o‘tkaziladigan joylarni sifatli tayyorlash, forumni ommaviy axborot vositalarida keng targ‘ib qilish va yoritish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

Mas’ul shaxslar tadbirga tayyorgarlik jarayoni va kutilayotgan kelishuvlar haqida hisobot berdilar.

| 6 27.01.2020



×
Portal xaritasi