Prezident olimlar bilan ochiq muloqot qilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 31-yanvar kuni Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasida bo‘lib, olimlar, yosh tadqiqotchilar, ishlab chiqarish sohasi vakillari va ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Mamlakatimizda ilm-fanni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda va 2020-yil nomidan kelib chiqib, bu boradagi ishlar yanada kuchaytiriladi. Sohadagi dolzarb masalalarni hal etish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish rejalashtirilgan. Xususan, yangi muassasalar va yo‘nalishlar tashkil etiladi.

2019-yil 29-oktabrda “Ilm-fan va ilmiy faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunni amaliyotga tatbiq etish uchun Respublika fan va texnologiyalar kengashi tashkil etildi.

Fanlar akademiyasi huzuridagi ilmiy-tadqiqot muassasalari soni 20 tadan 35 taga yetdi. Akademiyaga saylovlar qayta tiklandi. Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi, bir qator innovatsion markazlar, ilmiy klasterlar va texnoparklar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan uch yil davomida ilm-fanni moliyalashtirish hajmi to‘rt barobar oshdi. Ilmiy xodimlarning ish haqi uch barobar ko‘paytirildi, fan doktorlari va nomzodlari uchun alohida ustamalar joriy etildi.

Joriy yildan boshlab Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlar Davlat budjetidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladi.

Bugungi uchrashuvda davlat rahbari ilm-fan namoyandalarini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash izchil davom ettirilishini ta’kidladi.

– Endilikda olimlarimiz o‘z mas’uliyatini chuqur anglagan holda, olib borayotgan tadqiqotlari va ulardan olinadigan amaliy natijalar bilan tegishli sohalar rivojiga munosib hissa qo‘shishlari kerak. Nufuzli akademiklardan tortib, ilm-fan yo‘lida ilk qadamlarini qo‘yayotgan yoshlargacha yuqori faollik va amaliy natijadorlik talab etiladi, – dedi Prezident.

Uchrashuvda yurtimizda matematika, kimyo-biologiya, geologiya fanlarining istiqboli haqida ochiq muloqot o‘tkazilib, sohalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilanmoqda.

| 6 31.01.2020



×
Portal xaritasi