Issues of ensuring food security and developing household plots were discussed

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8-aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish bo‘yicha joylarda amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligi tahlili, oziq-ovqat xavfsizligini, aholi bandligi va daromadlarini ta’minlashda muhim omil bo‘lgan tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan koronavirus tarqalishini cheklash, uning aholi hayoti va mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini minimallashtirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Respublika maxsus komissiyasi tashkil etildi, epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholi salomatligini muhofaza qilish va karantin rejimini joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Tibbiyot muassasalarining tayyorgarlik darajasini oshirish va qo‘shimcha quvvatlarni barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Zangiota tumanida 10 ming o‘rinli maxsus shifoxona jadal sur’atlarda qurilmoqda. Yuqorichirchiq tumanida 10 ming kishiga mo‘ljallangan karantin hududi faoliyat boshladi. Shu yerning o‘zida yana 10 ming o‘rinli karantin bazasini qurish ishlari boshlandi. U 15-mayga qadar foydalanishga topshiriladi.

Yig‘ilishda so‘nggi bir oy ichida 20 ta charter aviareysi orqali 6 ming nafar fuqaro mamlakatga qaytarilgani, yana 10 ming nafari temir yo‘l transporti va chegara postlari orqali qaytib kelgani qayd etildi. Ularning barchasi karantinga olinib, 160 ta obyektga joylashtirilgan.

Kasallikka chalinganlarni davolash bo‘yicha kecha-yu kunduz onlayn maslahatlar beradigan tajribali shifokorlar va professorlardan iborat tezkor shtab tashkil etildi. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilindi. Telemeditsina texnologiyalaridan foydalangan holda Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya va boshqa mamlakatlar mutaxassislari bilan hamkorlik amalga oshirilmoqda.

– Eng muhimi, xalqimizning aksariyat qismi yuzaga kelgan vaziyatga to‘g‘ri baho bermoqda, masofadan turib ishlamoqda, shifokorlar tavsiyalari va karantin talablariga qat’iy rioya qilmoqda, o‘z madaniyati, ongli yondashuvi va intizomi bilan barchaga namuna bo‘lmoqda. O‘quvchilarimiz va talabalarimiz onlayn darslar orqali ta’lim olishni davom ettirmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta’minlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Saxovatpesha yurtdoshlarimiz tomonidan beg‘araz homiylik yordami ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga manzilli va o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.

Prezident ta’kidlaganidek, xalqimizning ushbu tahdidga yelkama-yelka turib qarshi kurashishga tayyor ekanini qisqa vaqt ichida fuqarolar, davlat va nodavlat tashkilotlari tomonidan O‘zbekistonning “Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasiga 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazilgani yaqqol namoyon etmoqda.

– Ushbu og‘ir damlarda ko‘pmillatli xalqimiz vahima va sarosimaga tushmayapti, aksincha, bu tashqaridan kirib kelgan kulfat tez orada ortda qolishiga, yaxshi kunlar kelishiga ishonch bilan yana bir bor mustahkam iroda, o‘zaro hurmat va hamjihatlikni namoyon etmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hududlarda dehqon va fermerlar bahorning har bir kunini qadrlagan holda qishloq xo‘jaligi ishlarini boshlab yubordilar.

Strategik sanoat korxonalari va muhim qurilish obyektlarida ishlab chiqarish ishlari karantin qoidalariga qat’iy rioya qilgan holda tashkil etilmoqda.

– Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda hayot izchil davom etmoqda. Eng muhimi, minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa, shifokorlarning fidokorona xizmati, o‘z kasbiga sadoqati, shuningdek, tezkorlik bilan ko‘rilayotgan chora-tadbirlar o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda, – dedi Prezident.

Afsuski, kecha 40 yoshli bemor vafot etdi. U misli ko‘rilmagan tushuntirish ishlariga qaramay, uy sharoitida davolangan va shifoxonaga og‘ir ahvolda yotqizilgan edi.

Marhumning oilasiga hamdardlik bildirgan davlatimiz rahbari barchani yana bir bor ehtiyotkorlikka chaqirdi: “Agar kasallik alomatlarini sezsangiz, zudlik bilan shifokorlarga murojaat qiling. Takror aytaman, avvalo, o‘z xavfsizligimizni ta’minlash, oilamiz va yaqinlarimizni kasallikdan asrash o‘zimizga bog‘liq!”

Karantin va sanitariya-gigiyena qoidalarini buzish holatlari ham uchramoqda.

Masalan, o‘tgan davr mobaynida karantin qoidalarini buzish bilan bog‘liq qariyb 47 mingta holat qayd etilgan. Jumladan, niqobsiz harakatlanish bo‘yicha 34 mingta, avtomobilda harakatlanish cheklovlarini buzish bo‘yicha 11 mingta holat aniqlangan va aybdor shaxslarga jarima solingan. Bundan tashqari, yuzlab odamlar ishtirokida oilaviy tadbirlar o‘tkazish bilan bog‘liq 24 ta holat aniqlangan.

– Butun dunyo boshidan kechirayotgan ushbu murakkab sinovdan Yaratganning madadi bilan yanada kuchli, yanada jipslashgan holda chiqamiz. Tartib-intizomga qat’iy rioya qilsak, vahimaga berilmasak, ruhimizni tushirmasak, albatta, g‘alaba qozonamiz.

Bu vaqtinchalik qiyinchilik va muammolar, albatta, yengib o‘tiladi. Vijdonli, diyonatli va matonatli xalqimizni hali ko‘plab yaxshi kunlar kutmoqda. Biz hali ko‘plab bayram va tantanalarni birgalikda nishonlaymiz, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga, albatta, erishamiz, – deya ta’kidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Koronavirus pandemiyasi dunyo mamlakatlarida oziq-ovqat xavfsizligi siyosati va chora-tadbirlari yetarli emasligini yaqqol ko‘rsatdi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston ichki talabni oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq qondirish, aholi daromadlari va farovonligini oshirish uchun katta zaxira hamda imkoniyatlarga ega ekanini ta’kidladi.

Buning uchun karantin choralariga rioya qilgan holda bahorgi ekinlarni ekishni davom ettirish zarur: fermerlar, klasterlar va dehqonlar dalalarda, aholi esa o‘z tomorqa yerlarida ekin ekishi lozim. Aks holda, ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlab qolish qiyin bo‘lishi tabiiy.

Shu sababli so‘nggi yillarda aholi tomonidan tomorqa yerlaridan samarali foydalanish bo‘yicha bir qator hujjatlar qabul qilindi, ayrim qonunlarga o‘zgartirishlar kiritildi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida tomorqa masalalari bilan shug‘ullanuvchi alohida o‘rinbosar lavozimi joriy etildi.

O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi hamda uning hududiy bo‘limlari tashkil etildi. Aholiga urug‘ va ko‘chat yetkazib berish, tegishli xizmatlarni ko‘rsatish bo‘yicha 244 ta “Tomorqa xizmati” korxonasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Tomorqa yerlarida yangi loyihalarni amalga oshirish uchun davlat budjetidan 350 milliard so‘m ajratildi, Fermerlar kengashi huzurida maxsus jamg‘arma tashkil etildi.

Umuman olganda, aholini moddiy va moliyaviy resurslar bilan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratildi.

Videoselektor yig‘ilishi davomida ushbu tizimdan samarali foydalanish va tomorqa yerlarining hosildorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

Yuqori hosil va daromad olayotgan tomorqa yer egalari tajribasini keng ommalashtirish zarurligi ta’kidlandi. Masalan, Asaka, Oltinko‘l, Namangan, Uychi, Angor, Jarqo‘rg‘on, Kitob, Tayloq, Samarqand, Yangiyo‘l, Zangiota, Oltiariq, Quva va boshqa tumanlardagi ko‘plab tomorqa egalari o‘z yerlaridan yiliga 2–3 marta hosil olmoqda. Bir oila 8–10 sotix yeridan o‘rtacha 50–60 million so‘m, ayrimlari esa 100 million so‘mgacha daromad topmoqda.

Biroq bunday ko‘rsatkichlar hamma joyda ham kuzatilmayapti. Samarqand, Qashqadaryo, Xorazm, Buxoro, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida tomorqa yerlariga ekin ekish ishlari yakuniga yetkazilmagan.

Mas’ul shaxslarga ushbu yerlarning egalari bilan hamkorlik qilish va tomorqa maydonlariga bozorda talab yuqori bo‘lgan ekinlarni ekishni tashkil etish topshirildi.

Prezident murakkab vaziyatni hisobga olgan holda, bu yil barcha tomorqa yerlarida ekinlarni ikki-uch marta ekish va qo‘shimcha hosil olish eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

Ixcham issiqxonalar tashkil etish ham muhim. Hozirgi vaqtda tomorqa yerlarida umumiy maydoni 4 ming gektar bo‘lgan yengil konstruksiyali issiqxonalar mavjud. Ularda yiliga 3 marta hosil yetishtirish mumkin.

Ko‘plab tumanlarda bu masalaga yetarlicha e’tibor qaratilmayotgani qayd etildi. “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida har bir sektor hududidagi kamida 100 ta xonadonda 1–1,5 sotix maydonda issiqxonalar tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Tomorqa yerlariga suv kerak. O‘tgan yili joylarda 233 ta quduq qazilib, 4,5 mingdan ortiq xonadonning suv ta’minoti yaxshilandi.

Hozirgi vaqtda Jondor, Shofirkon, Baxmal, Forish, G‘uzor, Chiroqchi, Nurota, Qo‘shrabot, Urgut, Xovos, Bekobod, Yoz-yovon, Qo‘shko‘pir va boshqa tumanlarning aksariyat qishloqlarida tomorqa yerlarini suv bilan ta’minlash qiyinlashgan.

Shu munosabat bilan Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashiga suv ta’minoti qiyin bo‘lgan mahallalarda hokimlar bilan birgalikda artezian quduqlarini qurish va hosildorlikni oshirish vazifasi topshirildi.

Vaqtincha foydalanilmayotgan qishloq xo‘jaligi yerlarini foydalanishga kiritish va buning hisobidan kam ta’minlangan oilalarni ish bilan ta’minlash yaxshi natija bermoqda. Jumladan, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 31 ta kooperativ tashkil etilib, 1,6 ming nafar ishsiz fuqaro ish bilan ta’minlandi. Kooperativlar faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi jamg‘armasidan 50 milliard so‘m ajratildi.

Yig‘ilishda ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish, kambag‘allik va ishsizlikni kamaytirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Kooperativga a’zo bo‘lgan ishsiz fuqarolarga mahsulot yetishtirish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi jamg‘armasidan jami 24 milliard so‘m subsidiya ajratiladi. Kam ta’minlangan va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga mevali daraxt ko‘chatlari, sabzavot urug‘lari hamda boshqa moddiy resurslar yetkazib beriladi.

Tomorqa yerlarida yetishtirilgan mahsulotlarni ichki va tashqi bozorlarga yetkazib berish masalasiga ham e’tibor qaratildi.

Hozirgi murakkab davrda tomorqa yerlarini qarovsiz qoldirish va ularda hech narsa yetishtirmaslik suiiste’mollik sifatida baholanishi kerak.

Tomorqa yerlaridan samarasiz foydalanayotgan egalarga rasmiy ogohlantirish berilishi, ogohlantirishdan keyin ham ekin ekmaganlarga esa yer solig‘ining oshirilgan stavkasi qo‘llanilishi ta’kidlandi. Mas’ul rahbarlarga tegishli hujjatni qabul qilish topshirildi. Dronlar yordamida tomorqa yerlarining holatini monitoring qilish va har bir sektor kesimida ulardan samarali foydalanish bo‘yicha zarur choralarni amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.

Mas’ul rahbarlar va hokimlar videoselektor yig‘ilishida muhokama qilingan masalalar yuzasidan axborot berdilar.

| 9 09.04.2020



×
Portal xaritasi