- «Mening fikrim» portalidagi ta’lim tizimi bilan bog‘liq murojaat kerakli ovozlarni to‘pladi. 12
- Mamlakatdagi "qizil," "sariq" va "yashil" hududlarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilindi. 11
- O‘zbekiston Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida nutq so‘zladi. 11
- Meva-sabzavotchilik klasterlarini samarali tashkil etish bo‘yicha vazifalar belgilandi 10
- Yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va korrupsiyaning oldini olish masalalari muhokama qilindi 10
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov boshchiligidagi tegishli vazirliklar, idoralar, tarmoq xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari vakillaridan iborat ishchi guruh Qoraqalpog‘iston Respublikasining iqtisodiy salohiyatini tarmoqlar, tumanlar va shaharlar kesimida kompleks o‘rganish, hududiy investitsiya dasturini xatlovdan o‘tkazish va investitsiya faoliyatini faollashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish bo‘yicha bir haftalik ish yakunlarini sarhisob qildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Ishchi guruhning asosiy vazifasi jalb etilayotgan investitsiyalarning maksimal iqtisodiy samaradorligini ta’minlash, jumladan, sanoat va qishloq xo‘jaligining ustuvor tarmoqlarida ishlab chiqarish hajmini oshirish, eksport bozorlarida talab yuqori bo‘lgan, qo‘shilgan qiymati yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish va yetkazib berishni ko‘paytirish hisobiga eksport salohiyatini kengaytirish, shuningdek, aholining keng qatlamlari bandligini ta’minlash etib belgilandi.
O‘tkazilgan tahlil va ishlab chiqarish hamda eksportning maqsadli ko‘rsatkichlarini belgilash natijasida ularga erishishga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan mavjud muammolar aniqlanib, ularni hal etish algoritmlari ishlab chiqildi.
Mazkur yondashuv investitsiya loyihalarining rentabelligini xolis baholash, investitsiya faoliyatining hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dinamikasiga ta’sirini kuchaytirish hamda aholi farovonligini oshirishni ta’minlash imkonini berdi.
Ishchi guruh faoliyati yakunlariga ko‘ra, umumiy qiymati 9,8 trillion so‘mlik 1 280 ta investitsiya loyihasidan iborat dastlabki paket shakllantirildi. Ulardan 707 tasi, umumiy qiymati 5,0 trillion so‘m bo‘lgan loyihalar joriy yil oxirigacha amalga oshiriladi. Umuman olganda, ushbu loyihalar paketining amalga oshirilishi hududda joriy yil oxirigacha 17 mingdan ortiq ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Aholi bandligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunda ishlab chiqarish korxonalari bilan kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda asalarichilik, chorvachilik, parrandachilik, pillachilik, trikotaj va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarish kabi sohalarda uy mehnatini tashkil etish uchun imkoniyatlar yaratish nazarda tutildi. Ushbu yo‘nalishda umumiy qiymati 128 milliard so‘mlik 120 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqildi.
Tarmoqlar, tijorat banklari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan ishlab chiqilgan hamda amalga oshirish uchun taklif etilayotgan investitsiya loyihalari misolida yangi yondashuvni qo‘llash xususiyatlari manzilli tartibda batafsil muhokama qilindi. Ularning afzalliklari va kamchiliklari har tomonlama o‘rganilib, ayrim loyihalarni qayta ko‘rib chiqish hamda muqobil investitsiya tashabbuslarini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Yangi metodikani Respublikaning boshqa hududlarida ham tizimli asosda qo‘llash rejalashtirilmoqda.
Hududni rivojlantirish va yangi investitsiya loyihalari bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflarning amalga oshirilishi hudud iqtisodiyotining o‘sishiga va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.