Banklarni transformatsiya qilish strategiyasi va jarayoni muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 6-iyul kuni bank aktivlarida xususiy sektor ulushini 15 foizdan 60 foizga oshirishga qaratilgan 2020-2025-yillarda bank tizimini isloh qilish strategiyasini amalga oshirish va tijorat banklarining transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilish davomida belgilangan maqsadlarga erishish uchun bir qator muhim masalalarni hal etish zarurligi qayd etildi.

Avvalo, banklarni transformatsiya qilish jarayonini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Hozirgi vaqtda 6 ta tijorat banki — «Ipoteka-bank», «Sanoatqurilishbank», «Turonbank», «Asakabank», «Aloqabank» va «Agrobank» moliyaviy diagnostika o‘tkazish, uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish va xususiylashtirish masalalari bo‘yicha xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlikni boshlagan. Biroq boshqa tijorat banklarini transformatsiya qilish ishlari yetarlicha faol olib borilmayotgani davlatimiz rahbari tomonidan qayd etildi.

Vaziyatni o‘zgartirish maqsadida banklarga xos bo‘lmagan funksiyalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish, banklarni transformatsiya qilish vazifalarini tushuntirish uchun Markaziy bank huzuridagi Korporativ qayta tayyorlash markazida o‘quv dasturlarini tashkil etish, avvalo, joylardagi bank xodimlarini ushbu dasturlarga jalb qilish topshirildi. Bu vazifalar Markaziy bank zimmasiga yuklatildi.

Yig‘ilishda banklarning kredit portfeli va loyihalari sifatini oshirish masalalari ham muhokama qilindi. Stress-testlar natijalariga ko‘ra, muammoli kreditlar ulushi bir necha baravar oshishi mumkinligi, bu esa bank tizimi uchun jiddiy sinov bo‘lishi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan muammoli kreditlarni hududlar kesimida tahlil qilish va kredit portfellari sifatini saqlab qolish bo‘yicha samarali mexanizm yaratish yuzasidan topshiriqlar berildi. Banklarning kredit portfellari inventarizatsiyadan o‘tkazilgach, Markaziy bank qiyin vaziyatga tushib qolgan har bir mijozning moliyaviy imkoniyatlarini tiklash bo‘yicha aniq choralarni ishlab chiqishi zarurligi alohida ta’kidlandi.

Yig‘ilishda bank sohasidagi korrupsiyaga barham berish zarurati ham alohida masala sifatida ko‘rib chiqildi.

Davlatimiz rahbari banklar raislari korrupsiyani bartaraf etish, komplayens-nazorat tizimini joriy qilish va boshqa samarali mexanizmlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rishi zarurligini ta’kidladi.

Davlat ulushiga ega tijorat banklarida hukumat tomonidan ajratilgan mablag‘lar ulushi hamon yuqoriligi tanqid qilindi.

Xususan, bunday kreditlar ulushi «Qishloq qurilish bank»da 41 foizni, «Ipoteka-bank»da esa 32 foizni tashkil etadi. O‘tgan yili davlat kafolati ostida qariyb 600 million dollar miqdorida kredit liniyalari jalb qilingan bo‘lsa, joriy yilda bu ko‘rsatkich 570 million dollarni tashkil etadi. Shu bilan birga, yirik banklarda aholi jamg‘armalari va muddatli omonatlarining ulushi o‘rtacha atigi 5 foizni tashkil etmoqda. Ushbu holatni inobatga olib, Markaziy bankka aholi omonatlarini banklarga jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha takliflar tayyorlash topshirildi.

Davlatimiz rahbari tijorat banklari davlat ko‘magisiz, moliyaviy resurslarni mustaqil ravishda jalb qilishi zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Markaziy bank va tijorat banklari rahbarlari axborot berdi.

| 7 06.07.2020



×
Portal xaritasi