Atrof-muhitni muhofaza qilish va aholi salomatligini saqlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni aholi salomatligi va xavfsizligini mustahkamlash, ekologik farovonlikni ta’minlash, chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash tizimini takomillashtirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan tadbir boshida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish masalasi ko‘rib chiqildi. Xususan, shifoxonalardagi o‘rinlar soni va tibbiy jihozlar bilan ta’minlanganlik darajasi sezilarli darajada oshirilgani, tez tibbiy yordam xizmati hamda davolash muassasalari faoliyati muvofiqlashtirilgani natijasida so‘nggi bir hafta ichida koronavirus infeksiyasidan sog‘ayish ko‘rsatkichlari oshgani qayd etildi.

Pandemiya sharoitida fuqarolarning hayoti va salomatligini himoya qilishga e’tiborni susaytirmagan holda yashash va ishlashni davom ettirish, karantin talablarini bosqichma-bosqich yumshatish muhimligi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaraladi. Orol dengizining qurigan tubida keng ko‘lamli o‘rmonzorlar barpo etilmoqda, Orolbo‘yi hududini rivojlantirish dasturlari amalga oshirilmoqda. Ekologiyani muhofaza qilish va aholi salomatligini asrash maqsadida chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Ushbu masalaning dolzarbligi hozirgi pandemiya sharoitida yanada ortmoqda.

— Chiqindilarni boshqarish tizimini tartibga solish — hayotimiz va salomatligimiz uchun eng muhim vazifalardan biridir. Bu aholi salomatligi bilan bog‘liq, millat kelajagiga daxldor dolzarb masaladir, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

So‘nggi uch yil davomida chiqindilarni boshqarish sohasi uchun budjetdan ajratilgan 390 milliard so‘m hisobidan chiqindilarni tashish uchun 742 ta maxsus texnika xarid qilindi va 204 ta poligon modernizatsiya qilindi.

Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda ushbu yo‘nalishda ko‘plab muammolar mavjudligi qayd etildi. Masalan, Izboskan, G‘uzor, Chust, Buvayda, Urgut va Shahrixon tumanlarida sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasi respublika ko‘rsatkichidan 2 baravar past. Budjet mablag‘lari hisobidan xarid qilingan maxsus texnikalarning o‘zlashtirilishi holatlari aniqlangan: Toshkent viloyatida 32 ta, Qashqadaryo viloyatida esa 23 ta texnika. “Toza hudud” korxonalarining debitorlik qarzdorligi yuqori.

Joriy yilning mart oyida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda sohadagi ishlar holati tanqidiy muhokama qilinib, tegishli topshiriqlar berilgan edi. Bugun ularning ijrosi ko‘rib chiqildi va qo‘shimcha vazifalar belgilandi.

Hozirgi vaqtda aholini sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olish darajasi 66 foizni tashkil etmoqda. Yig‘ilishda ushbu ko‘rsatkichni yil yakuniga qadar 90 foizga yetkazish, jumladan, sohaga xususiy korxonalarni keng jalb etish zarurligi ta’kidlandi.

Chiqindilarni qayta ishlashni tartibga solish yuzasidan barcha 14 ta hududda tumanlar kesimida alohida qarorlar qabul qilinishi va ularning ijrosini nazorat qilish tizimi joriy etilishi belgilandi.

Chiqindilarni yig‘ish va qayta ishlashda nodavlat sektor ishtiroki yaxshi natijalar bermoqda. Bunday korxonalar faoliyat yuritayotgan barcha joylarda aholi xizmatlar sifatidan mamnun. Masalan, “Bio Techno Eco” MChJ 6 million dollardan ortiq kredit mablag‘lari hisobidan 78 ta maxsus texnika va uskuna xarid qilib, Termiz shahri, Termiz va Angor tumanlaridagi 285 ming aholiga sanitariya tozalash xizmatlarini ko‘rsatmoqda.

Hududlarda ham shunday loyihalarni amalga oshirish istagidagi ko‘plab tadbirkorlar bor. Shu munosabat bilan mas’ul shaxslarga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda davlat-xususiy sheriklik asosida 31 ta klaster tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Ushbu loyihalar hisobidan maishiy chiqindilarni qayta ishlash darajasini yil yakuniga qadar 25 foizga, 2021-yilda esa kamida 35 foizga yetkazish zarurligi belgilandi.

Sanitariya va ekologiya talablariga javob bermaydigan 51 ta poligon masalasini hal etish, shuningdek, qurilish chiqindilari uchun 26 ta poligon va ularni qayta ishlash klasterlarini tashkil etish muhimligi qayd etildi.

Yig‘ilishda xalqaro moliya institutlaridan jalb qilingan mablag‘lardan foydalanish samaradorligi ham muhokama qilindi.

Mas’ul shaxslarga ushbu mablag‘lar doirasida boshlangan loyihalarni jadallashtirish, obyektlarni qisqa muddatlarda foydalanishga topshirish topshirildi. Davlat rahbari sohani tejamkor va kamxarj texnikalar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.

Prezident ekologik nazoratni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdi.

Ayrim zavodlardan chiqarilayotgan zararli moddalar miqdori belgilangan me’yorlardan oshib ketmoqda. Bu esa atrof-muhitga zarar yetkazib, fuqarolarning haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Shu munosabat bilan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasiga havoning ifloslanish darajasini tezkor tahlil qilish uchun har bir hududni mobil laboratoriyalar bilan ta’minlash topshirildi. Bosh vazir o‘rinbosariga esa ekologik xavfi yuqori va o‘rta bo‘lgan 240 ta yirik sanoat korxonasida zamonaviy mahalliy tozalash inshootlarini o‘rnatish va mavjudlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha dastur ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Yig‘ilishda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi rahbariyati hamda viloyatlar hokimlarining hisobotlari tinglandi.

| 9 10.08.2020



×
Portal xaritasi