O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Hindiston sanoat konfederatsiyasi negizida O‘zbekiston-Hindiston ishbilarmonlar kengashi tashkil etilmoqda.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik milliy iqtisodiyotning turli tarmoqlarida barqaror rivojlanmoqda. Ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida dori vositalari va kimyo mahsulotlari ishlab chiqarish, charm xomashyosini qayta ishlash, shuningdek, turizm va tibbiy xizmatlar ko‘rsatish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda.

Nyu-Dehli shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Hindiston Respublikasiga davlat tashrifi arafasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi hamda Hindiston sanoat konfederatsiyasi tomonidan tashkil etilgan O‘zbekiston-Hindiston biznes-forumi muvaffaqiyatli yakunlandi.

Tadbirda O‘zbekiston tomoniga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi Suxrob Xolmuradov, Hindiston tomoniga esa Hindiston Respublikasi savdo va sanoat vaziri Suresh Prabhu boshchilik qildi.

O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibidan vazirlik va idoralar rahbarlari, Toshkent shahri, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon va Sirdaryo viloyatlari hokimliklari vakillari, sanoat birlashmalari va xoldinglar vakillari o‘rin oldi. Hindiston tomonidan yirik sanoat korxonalari, kichik va o‘rta biznesning 150 nafardan ortiq vakili ishtirok etdi.

Forum doirasida O‘zbekiston va Hindistonning savdo-iqtisodiy hamda investitsiyaviy salohiyati taqdimotlari o‘tkazildi. Qurilish materiallari ishlab chiqarish, turizm, tibbiyot va farmatsevtika sohalarida birgalikda amalga oshirish rejalashtirilgan istiqbolli loyihalar taqdim etildi.

Tadbir davomida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Hindiston sanoat konfederatsiyasi tomonidan O‘zbekiston-Hindiston ishbilarmonlar kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi A. Ikromov o‘z nutqida tashkil etilayotgan Ishbilarmonlar kengashi faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatishga ko‘maklashish, ikki tomonlama sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirishni rag‘batlantirish, shuningdek, O‘zbekiston va Hindiston korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘lishini ta’kidladi.

Forum doirasida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari o‘rtasida muzokaralar ham bo‘lib o‘tdi. Unda respublikaning axborot texnologiyalarini ishlab chiqish, mehmonxona biznesi, turizm, tibbiyot va sog‘liqni saqlash, shuningdek, oziq-ovqat, to‘qimachilik va elektrotexnika sanoati sohalarida faoliyat yurituvchi kichik va xususiy biznes vakillari ishtirok etdi.

2018-yil 28–29-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, «O‘zekspomarkaz» Milliy ko‘rgazma kompaniyasi va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi tomonidan Nyu-Dehli shahrida «Made in Uzbekistan» milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmadan maqsad milliy mahsulotlarni Hindiston bozoriga olib chiqish, shuningdek, respublikaning ilmiy-ishlab chiqarish salohiyatini namoyish etishdan iborat edi.

Ko‘rgazmada avtomobilsozlik va mashinasozlik, elektrotexnika, neft-kimyo va farmatsevtika sanoati, tog‘-kon sanoati hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalari namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekistonning agrar sektori va oziq-ovqat sanoati, to‘qimachilik, charm-poyabzal sanoati, xalq amaliy san’ati hamda turizm yo‘nalishlari ham taqdim etildi.

Hindistonlik salohiyatli hamkorlar va iste’molchilar e’tiboriga yangi va quritilgan meva-sabzavot hamda poliz mahsulotlari, vino va spirtli ichimliklar, oziq-ovqat mahsulotlari, paxta tolali va trikotaj matolar hamda mahsulotlar, charm va attorlik buyumlari, yog‘och va kulolchilik mahsulotlari, mineral o‘g‘itlar, kimyoviy tolalar va o‘simliklarni himoya qilish vositalari, shuningdek, qora metall prokati taqdim etildi.

Tadbirlar yakunlari bo‘yicha umumiy qiymati 95 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 30 ta eksport shartnomasini hamda qiymati 3 milliard AQSh dollariga teng 50 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Ta’kidlash joizki, bugungi kunda O‘zbekistonda Hindiston kapitali ishtirokidagi 145 ta korxona faoliyat yuritmoqda. Toshkent va Dehli hamda Amritsar shaharlari o‘rtasida aviaqatnov yo‘lga qo‘yilgan. 2017-yilda O‘zbekistonga Hindistondan 10 ming nafardan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Hindiston hududida ta’sischilaridan biri «O‘ztreyd» AJ bo‘lgan O‘zbekiston-Hindiston savdo uyi faoliyat yuritmoqda.

Manba: O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi.

| 7 03.10.2018



×
Portal xaritasi