"O‘lik me’yorlar" chiqarib tashlandi

Parlament quyi palatasining 2020 yil 3 fevral kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida xalq vakillari tomonidan bir qator muhim masalalar ko‘rib chiqildi. "O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi shulardan biridir.

Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasi hamda “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirish uchun davlat ijtimoiy buyurtmasini berish va jamoatchilik kengashi tarkibini shakllantirish tartibi nazarda tutilgan.

Biroq ushbu qonunlar qabul qilinganidan buyon o‘tgan davr mobaynida davlat boshqaruvi organlari tomonidan ijtimoiy va jamoat ahamiyatiga ega loyihalarni amalga oshirish uchun ijtimoiy buyurtma ajratish amaliyoti kuzatilmagan. Natijada davlat boshqaruvi organlari huzurida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni ko‘rib chiqish, umumlashtirish va baholash bilan shug‘ullanishi lozim bo‘lgan jamoatchilik kengashlari amalda faoliyat yuritmagan.

Shu bois deputatlar davlat ijtimoiy buyurtmasini berish tartibini soddalashtirishni taklif etdilar.

Ularning fikricha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi davlat ijtimoiy buyurtmasini ajratish tartibini takomillashtirishga, shuningdek, davlat boshqaruvi organlari huzurida o‘xshash va takrorlanuvchi vazifa hamda funksiyalarni bajaradigan jamoatchilik kengashlarini tashkil etishni nazarda tutuvchi normalarni bekor qilishga olib keladi.

Ushbu sohada ortiqcha byurokratiyaning oldini olish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqilligini ta’minlash zarurligi ta’kidlandi.

| 6 04.02.2020



×
Portal xaritasi